Rishtonda topilgan suyaklar dinozavrnikimidi? Ekspert javob berdi
Bu qiziq
−
18 fevral 2019
9994Avvalroq, Rishton tumani Yangiyo‘l qishlog‘ida istiqomat qiluvchi To‘xtasin aka o‘z xonadonidan uyini qayta ta’mirlash va rekonstruksiya qilish jarayonida uyning eski pol ostidan no’ananaviy ko‘rinishdagi hayvon qoldiqlariga duch kelgani haqida xabar bergan edik. Xo‘sh, bu qoldiqlar haqiqatan ham dinozavr suyaklarimidi? “Xalq so‘zi” nashri bunga aniqlik kiritish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya muzeyi direktori Ahmadjon Axmedshayev bilan suhbatlashdi.
“Bunaqa voqea 2015 yili Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida ham bo‘lgan. Lekin suyaklar dinozavr qoldiqlari sifatida o‘z isbotini topmagan. Farg‘ona viloyatining Rishton tumani, Yangiyo‘l qishlog‘i, Yangiturmush ko‘chasi, 2-uydan topilgan, ayni paytda dinozavr suyaklari qoldiqlari deb taxmin qilinayotgan topilmani hali shaxsan o‘zim borib ko‘zdan kechirganim yo‘q. Lekin Rishton tumaniga borishga ham hech bir asos yo‘q, deb hisoblayman. Sababi, topilmaning dinozavr qoldiqlari emas, deyishimga yetarli dalillarim bor.
Birinchidan, mavzu davrimizdan 130-180 million yillar muqaddam yashagan dinozavrlar haqida ketyapti. Mazkur davrdagi suyak qoldiqlari toshga aylanmagan bo‘lsa, bizgacha yetib kelmaydi. Bu ilmiy xulosa! Chunki yillar suroni, geografik o‘zgarishlar, tabiiy ofatlar, iqlim o‘zgarishlari uni yo‘q qilib yuboradi. Toshlarga esa bu kabi hodisalarning ta’sir qilishi qiyin. Rishton tumanidagi suyak qoldiqlarining shundoqqina pol ostidan sof suyak holida topilishi shu jihatdan ilmiy asossizdir.
Ikkinchidan, dinozavr suyaklariga baho berishda bizning ilmiy tildagi 60 million yillardan dalolat beradigan bo‘r qatlam, yura davri qatlamlari bo‘lishi kerak. Polning shundoqqina ostidagi suyak qoldiqlari neolit, paleolit kabi uzoq davrlardan qanday qilib “eson-omon” “o‘tib oldi” ekan?! Televideniye orqali shu mavzudagi lavhani diqqat bilan kuzatdim. Namoyish etilayotgan tasvirdagi suyaklar esa yaxshi saqlangan. Suyak qismlarini bog‘lab turuvchi vositalarga ham zarar yetmagan.
Mening fikrimcha, suyak qoldiqlari mushuksimonlar oilasiga taalluqli hayvonga tegishlidir. Yaydoq cho‘l hududi bo‘lganligi uchun bu bundan ikki-uch asr oldin, balki undan ham ko‘proq yillarda yashagan cho‘l mushugi, qamish mushugining suyak qoldiqlari bo‘lishi mumkin.
Farg‘ona davlat universitetining zoologiya kafedrasi mutaxassislari, professor va fan nomzodlari mazkur hodisaga nisbatan o‘zlarining ilmiy xulosalarini berishi kerak, deb o‘ylayman”, deydi A.Axmedshayev.
LiveBarchasi