Respublika onkologiya markazida toshkentliklar uchun bepul xizmat tugatildimi?
Jamiyat
−
16:07 944 2 daqiqa
Ijtimoiy tarmoqlarda Respublika onkologiya markazida Toshkent shahri bemorlari uchun bepul xizmat tugatilgani haqida xabarlar tarqaldi. Mazkur xabarlar yuzasidan Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, bu xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida bepul xizmat tugatilgani yo‘q, balki faqat bemorni yo‘naltirish tartibi o‘zgargan.
Ya’ni, avval poytaxtda yashovchi bemorlar ushbu markazning shahar filialiga qog‘oz shaklidagi yo‘llanma bilan borgan. Endi esa ular O‘zbekistonning boshqa barcha hududlaridagi kabi DMED tizimi orqali elektron yo‘llanma asosida muassasaga yo‘naltirilmoqda.
Bunda bemor marshruti quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
- bemor, avvalo, oilaviy poliklinikaga murojaat qiladi. U yerda qon tahlili, rentgen, UTT (bepul) tekshiruvlaridan o‘tadi;
- tuman (shahar) onkologi ko‘rigidan o‘tib, aniqlashtiruvchi tekshiruvlar amalga oshiriladi;
- DMED tizimi orqali elektron yo‘llanma shakllantiriladi;
- Onkologiya markazida yo‘llanma tasdiqlanadi. Shundan so‘ng bepul ko‘rik, kontrastli MSKT/MRT, PET-KT, gistologiya, IGX hamda bepul davolash (kimyoterapiya, nur terapiyasi, jarrohlik amaliyotlari) o‘tkaziladi.
Nima sababdan tartib o‘zgartirildi?
Bildirilishicha, avvalgi tartib bo‘yicha aksariyat bemorlar DMED orqali faqat 027-shakl bilan oilaviy va ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarda zarur tekshiruvlardan o‘tmasdan markazga yuborilgan. Natijada markaz poliklinikasi ortiqcha yuklama bilan ishlab, hududda bajarilishi lozim bo‘lgan tekshiruvlarni ham Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan muassasada o‘tkazishga to‘g‘ri kelgan.
Bu holat yuqori texnologik yordamga mo‘ljallangan mablag‘ birlamchi tekshiruvlarga sarflanganishiga sabab bo‘lgan. Toshkent shahridan murojaat qilayotgan bemorlarni hududiy yoki respublika darajasida davolash kerakligini aniqlash qiyinlashgan.
Qayd etilishicha, elektron yo‘llanmaga o‘tish bu muammolarni bartaraf etmoqda. Ya’ni, bemor tekshiruvlarni takrorlamaydi, mablag‘ haqiqatan yuqori texnologik yordamga yo‘naltiriladi. Har bir bemorning marshruti esa elektron tizimda shaffof ko‘rinadi.
“Muhimi, yo‘llanma bilan qabul qilingan bemordan diagnostika, davolash, dori va sarf materiallari uchun pul talab qilish, shuningdek ularni bemorlar hisobidan sotib olish taqiqlangan. Xizmat faqat yo‘llanmasiz rejali murojaatda pullik asosda ko‘rsatiladi. Shoshilinch yordam esa doim yo‘llanmasiz va bepul asosda amalga oshiriladi”, deyiladi xabarda.
Fuqarolardan yo‘llanma bilan borilganda bemordan pul yoki dori sotib holatlari kuzatilsa, markazning 1303 qisqa raqamli “Ishonch telefoni”ga qo‘ng‘iroq qilish so‘raladi.
Live
Barchasi