Respublika maxsus komissiyasi xalqaro ko‘rgazma va yarmarkalar o‘tkazishga ruxsat berdi
Jamiyat
−
26 fevral 2021
2659O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining navbatdagi qarori qabul qilindi.
Unga asosan, joriy yilning 20 fevralidan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan kelishilgan holda, sanitariya-epidemiologiya me’yorlari va qoidalari talablariga qat’iy muvofiq ravishda O‘zbekiston hududida xalqaro ko‘rgazma va yarmarkalar o‘tkazishga ruxsat etildi.
Xalqaro ko‘rgazma va yarmarkalarni tashkil etish doirasida quyidagi talablar belgilangan:
• tashkilotchi Respublika hududida sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlarini shartnoma asosida jalb qilgan holda tashkil etilayotgan tadbirlarning barcha bosqichlarida epidemiologik tartiblarga rioya etilishi ustidan nazoratni ta’minlashi shart;
• barcha tadbir ishtirokchilaridan himoya niqobi yoki respirator taqishlari talab qilinadi;
• tadbirga kirishda barcha ishtirokchilar pirometrlar yordamida haroratni o‘lchash jarayonidan o‘tishi talab etiladi, yuqori harorat yoki yuqumli kasalliklar belgilari bo‘lgan shaxslarga tadbirda qatnashishga ruxsat berilmaydi;
• ekspozitsiyalar orasidagi masofa kengligi kamida 3 metr bo‘lishi kerak;
• tadbir o‘tkazish joylarida shamollatish tizimlari kirayotgan havoning chiqayotganidan ustunligini ta’minlashi kerak.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yilning 23 martdagi “Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Respublikada barcha turdagi ommaviy tadbirlar to‘xtatilgan edi.
LiveBarchasi