Rentgen tekshiruvi orqali koronavirusni aniqlasa bo‘ladimi?
Foydali
−
04 noyabr 2020
6917Rentgen xulosasi inson organizmida koronavirus infeksiyasi bor-yo‘qligini aniqlb bera olmaydi. Bu haqda Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Barno Abdusamatova ma’lum qildi.
Mutaxassis brifing vaqtida aholi orasida tez-tez uchrab turgan rentgen xulosasi koronavirus tashxisini aniqlashtirib beradimi, koronavirusni oddiy allergiyadan qanday farqlash imkoni bor, degan savollarga javob berib shunday degan:
“Rentgen xulosasi ushbu kasallikni tasdiqlab bermaydi. Bu noto‘g‘ri fikr. Chunki o‘pkaning surunkali kasalliklari tufayli kechayotgan o‘zgarishlar ham rentgenda aks etishi mumkin. Rentgen va MSKT yordamchi-qo‘shimcha tekshiruv usullariga kiradi. Shuningdek, kasallikning qay darajada kechishini biz rentgen tasvirlariga qarab qo‘ya olmaymiz. Chunki kasallik kechishini har bir bemorda individual qaragan holda, unda kechayotgan klinik belgilari, qonning kislorod bilan to‘yinish darajasi, maxsus laborator tekshiruv natijalariga qarab aniqlanadi. Yuqori malakali mutaxassislar fikriga ko‘ra, eng ishonchli tashxisni tasdiqlovchi usul bu virusning o‘zini aniqlovchi PZR (polimeraza zanjir rekatsiyasi) usulidir.”
Mutaxassis fikricha, PZR tahlilda — yuqori nafas yo‘llari shilliq qavatidan olingan namuna orqali koronavirus genetik materiali (RNK) bor yoki yo‘qligi aniqlanadi. Namuna olish nisbatan tez va og‘riqsiz kechadi. Bu analiz kasallikning yashirin davrida ham ijobiy natija olish va barvaqt tashhis qo‘yish imkonini beradi.
“Allergiya mavsumiy kasallik bo‘lgani sababli shu davrda bemor o‘zining allergolog shifokori bilan maslahatlashishi kerak. Yana shuni e’tiborga olish kerakki, koronovirus yo‘taldan tashqari o‘zining bir qator simptomlari bilan keladi, masalan, tana harorati ko‘tarilishi, mushaklarda og‘riq, nafas qisishi, ta’m va hid bilish sezgisi yo‘qolishi va hokazolar. Agar yo‘talingiz shu belgilar bilan keladigan bo‘lsa, hududiy poliklinikaga murojaat kiling. Chunki allergiya ko‘rinishidagi koronovirus kasalligi nafas siqishi kabi alomatlarga olib kelishi mumkin”, deydi Barno Abdusamatova.
Dinara Yusupova
LiveBarchasi