Rekordsmen: Ronalduning o‘rnatmagan qanday rekordlari qoldi?

Sport

image

Krishtianu Ronaldu yaqinda 36 yoshni nishonladi. Odatda, futbolchilar bu yoshga yetganida faoliyatini tugatish va futboldan keyingi hayoti qanday bo‘lishi haqida qayg‘urishni boshlaydi. 

Lekin Ronalduni hali bunday savollar qiziqtirmaydiganga o‘xshaydi. Portugaliyalikning qayd etayotgan statistikasidan ham ko‘rinib turibdiki, uning holati vaqt o‘tgan sari yaxshilanib, rekordlar qayd etishda davom etmoqda. “Yuventus” ham super yulduzning barcha rekordlarni yangilashini istaydi, shekilli, Ronaldu bilan shartnomani 2023 yilgacha uzaytirish niyatida ekanini ma’lum qilgan. Xo‘sh, o‘zi portugaliyalik forvardning o‘rnatmagan qanday rekordlari qoldi?

“Oltin to‘p”ni eng ko‘p qo‘lga kiritgan futbolchi

“Olti to‘p”ni futbolchi uchun shaxsiy yutuqlar ichida bosh sovrin deyish mumkin. Lionel Messi va Krishtianu Ronaldu ushbu sovrinni yutish bo‘yicha o‘ziga xos tendensiya vujudga keltirdi. Ular qayd etgan darajaga yaqin orada hech kim yaqinlasha olmasa kerak. Biroq, Ronalduning hisobida ushbu sovrindan 5 ta bor. Ha, bu – ko‘p. Lekin “Oltin to‘p”ni eng ko‘p yutgan futbolchi Messi bo‘lib, uning hisobida bunday sovrindan naq 6 ta bor. Ronaldu ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha ikkinchi o‘rinda qolmoqda.

Eng ko‘p sovrin yutgan futbolchi

Braziliyalik himoyachi Dani Alves dunyodagi eng titulga boy bo‘lgan futbolchi bo‘lib, uning hisobida 42 ta sovrin bor. Krishtianu ushbu ro‘yxatning to‘qqizinchi pog‘onasida, “Barselona”ning sobiq yarim himoyachisi Xavi bilan teng ketmoqda. Ularning har birida 33 tadan sovrin mavjud. Oxirgi marta 2021 yil yanvarida portugaliyalik “Yuventus”ga Italiya superkubogini yutishda yordam berdi. Ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha eng cho‘qqiga chiqish juda qiyin bo‘lsa-da, Ronaldu 36 ta sovrin yutgan Messiga yetib olishga urinib ko‘rsa bo‘ladi.

UEFA Chempionlar Ligasini eng ko‘p yutgan futbolchi

UEFA Chempionlar Ligasini yutish bo‘yicha rekord o‘rnatgan futbolchi “Real Madrid”ning sobiq hujumchisi Pako Xento bo‘lib, uning hisobidan 6 ta shunday sovrin mavjud. Krishtianu esa Chempionlar Ligasini 5 marta yutgan: 1 marta “Manchester Yunayted” va 4 marta “Real Madrid” safida. Portugaliyalikning ushbu rekordni yangilashi uddalab bo‘lmas topshiriq emas. 

Uchta klub bilan Chempionlar Ligasida g‘olib chiqqan futbolchi

Klarens Zeyedorf va Samuel Eto’O Chempionlar Ligasini uch xil jamoa bilan yutishga muvaffaq bo‘lgan. Niderlandiyalik “Ayaks”, “Real Madrid” va “Milan” klublarining safida ushbu kubokni boshi uzra ko‘targan. Eto’O esa “Real Madrid”, “Barselona” va “Inter” safida Zeyedorfning rekordini qaytirgan. Ronaldu “Manchester Yunayted” va “Real Madrid” bilan Chempionlar Ligasida g‘alaba qozondi. Agar portugaliyalik “Yuventus” bilan ham ushbu kubokka sazovor bo‘lsa, u afsonalarning yana bir ro‘yxatidan joy oladi.

Terma jamoa safida eng ko‘p gol urgan futbolchi

Ronaldu Portugaliya terma jamoasi safida 102 ta gol urib, termasi uchun 109 ta gol urgan eronlik Ali Dayeidan 7 ta golga ortda qolmoqda. Bu yil portugaliyalik ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha jahon rekordini yangilashga urinib ko‘radi.

Yevropa chempionatlari tarixidagi eng yaxshi to‘purar

Krishtianu Ronaldu to‘rtta Yevropa chempionatida 9 ta gol urdi. U Yevro-2004 da ikkita, Yevro-2008 da bitta gol va 2012-2016 yillarda uchtadan gol urgan. Ayni vaqtda portugaliyalik hujumchi Mishel Platini bilan bu borada 1-o‘rinda turibdi. Agar Ronaldu atiga  bitta gol urishni uddalasa, yakka yetakchiga aylanadi.

Premer-liga, La Liga va A Seriya chempionatlarida “Oltin butsa”ni yutgan futbolchi

Roni APLda bir marta “Oltin butsa” sovrinini qo‘lga kiritgan va 3 marta La Liganing eng yaxshi to‘purari bo‘lgan. “Yuventus”da ham ushbu sovrinni qo‘lga kiritsa bo‘ldi. U 2019/2020 yilgi mavsumda bombardimonchilar poygasida g‘olib chiqishga yaqin edi, ammo Immobile ushbu sovrinni ilib ketdi. Joriy mavsumni portugaliyalik yomon boshlamadi. Hozirda u 18 ta uchrashuvda maydonga tushib, 16 ta gol urgan va shu tariqa A Seriya to‘purarlari ro‘yxatida yetakchilik qilmoqda.

UEFA Chempionlar Ligasida eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchi

Iker Kasilyas Chempionlar Ligasida 177 ta uchrashuvda maydonga tushib, eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchi bo‘lib turibdi. Ronalduga ushbu ko‘rsatkichni yangilash uchun juda oz qoldi. “Yuventus” forvardi ushbu chempionat doirasida 174 ta uchrashuvda maydonga tushgan. Qayd etish kerakki, Lionel Messi 147 ta uchrashuv o‘tkazib, portugaliyalikdan ancha ortda qolmoqda.

A Seriyada bitta mavsumda eng ko‘p gol urgan futbolchi

Ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha 36 ta gol bilan 1928/1929 yilgi mavsumda “Torino” hujumchisi Jino Rossetti va 2015/16 yilgi mavsumda “Napoli”dan Gonsalo Iguain yetakchilik qilmoqda. “Yuventus” forvardi birinchi va ikkinchi mavsumda mos ravishda 21 va 31 ta gol urgan. U joriy mavsum yana o‘sishga erishib, 36 ta gol ursa, ushbu ro‘yxatda ham TOP o‘rindan joy oladi. 

“Yuventus” da bitta mavsumda eng ko‘p gol urgan futbolchi

Mavzudan chetga chiqmasdan, “Yuventus”ning bir mavsumda eng ko‘p gol urgan hujumchisiga to‘xtalib o‘tamiz. Ayni damda ushbu rekord Ferens Xirzerga tegishli. 1925/1926 yilgi mavsumda u Italiya chempionati darvozabonlarini 35 marta xafa qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Messi Ronaldu rekord

Baholaganlar

376

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing