Referendumning dastlabki natijalari e’lon qilindi
Jamiyat
−
01 may 2023
14798Kecha, 30 aprel yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi to‘g‘risidagi Konstitutsiyaviy qonunni qabul qilish bo‘yicha” umumxalq referendumida jami 16 million 673 ming 189 nafar fuqaro yoki umumiy ovoz beruvchilarning 84,24 foizi ishtirok etgan. Bu haqda, bugun, 1 may kuni Markaziy saylov komissiyasi matbuot markazida bo‘lib o‘tgan brifing davomida Komissiya raisi Zayniddin Nizomxo‘jayev ma’lum qildi.
Uning aytishicha, ovoz berishda qatnashganlarning 15 mln 040 ming 55 nafari yoki jami ovoz beruvchilarning 90,21 foizi yangi tahrirdagi Konstitutsiyani yoqlab ("ha" deb) ovoz bergan. Qolgan 9,35 foizi esa “yo‘q” deya qarshi ovoz bergan.
“Ushbu dastlabki ma’lumotlarga tayanib, “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni O‘zbekiston Respublikasi xalqi tomonidan referendumda qabul qilingan deyishga barcha asoslar bor! Albatta, referendumning yakuniy natijalari Markaziy saylov komissiyasining tegishli qarori qabul qilinib, rasmiy e’lon qilingandan so‘ng kuchga kiradi”, dedi Zayniddin Nizomxo‘jayev.
Uning qo‘shimcha qilishicha, O‘zbekiston Respublikasi referendumi xalqaro norma va standartlarga, referendum qonunchiligiga va talablariga mos ravishda bo‘lib o‘tgan. Jarayondagi ayrim kamchiliklar esa o‘z vaqtida bartaraf etilgan.
LiveBarchasi