Rediska ortiqcha vazndan xalos etadi

Bu qiziq

image

Uning tarkibida temir, magniy, kaliy, kalsiy, fosfor, S, RR, V va K vitaminlari borligi tufayli inson tanasiga quvvat bag‘ishlaydi. Shuningdek, u darmon-dorilarga, ayniqsa askorbin kislotasiga, mineral tuzlarga boydir. Bir kunda atigi bir marta rediska qo‘shilgan salat yoki ovqat tanovvul qilsangiz, askorbin kislotasining bir kunlik miqdoriga ega bo‘lasiz.


 Rediskaning inson organizmiga foydasi qanday?


Rediska  vujudimizda ovqat hazm bo‘lishini yaxshilaydi, safro va peshob haydovchi vosita sifatida ta’sir qiladi. Uning tarkibidagi xantal moyi esa ichakdagi mikroblarni o‘ldirib, yiringli jarohatlarni bartaraf qiladi. 


Rediska me’da va ichaklarni tozalaydi, suyaklarni mustahkamlaydi. Qon bosimi oshgan bemorlar rediskani somoncha shaklida to‘g‘rab, qatiqqa aralashtirib yeyishlari kerak. Me’da kasali bilan og‘riganlar uni sho‘rvaga solib, pishgan holda iste’mol qiladi. Jig‘ildon qaynaganda rediskani tish bilan qirib, selini yutsangiz, muammodan qutulasiz. Rediskali salatlar nerv tizimi faoliyatini yaxshilaydi va mushak to‘qimalarini mustahkamlaydi.


 Qandli diabet bilan og‘rigan bemorlar rediskani ko‘proq tanovvul qilishlari lozim. Chunki u qonda qand miqdorini me’yorlashtiradi. Shuningdek, semizlik dardidan qiynalib, ozish niyatida bo‘lgan kishilar ham uni har kuni iste’mol qilishlarini maslahat beramiz. Chunki u ichaklarni tozalab, organizmdagi ortiqcha xolesterinni yuvib tushadi.


Taomni hazm qilishga yordam beradi


Rediska me’da kasalliklari bilan og‘riganlar uchun juda foydali ne’mat. Negaki, uning tarkibidagi kletchatka oshqozon suyuqligi ishlab chiqarilishiga ko‘maklashadi. Agar kechki taomnomada qovurilgan, hazmi qiyin taom iste’mol qilsangiz, darhol rediskali salat yeng. Chunki u bunday taomlarning tez va oson hazm bo‘lishiga yordam beradi.


 Xotirani kuchaytiradi


Har kuni asosiy taom bilan birga rediska qo‘shilgan salat yeyishga odatlaning. Tarkibidagi foydali vitaminlar aqliy faollikni oshirib, xotirani mustahkamlaydi. Salat tayyorlashda mayonezdan emas, o‘simlik yoki zaytun yog‘laridan foydalaning, chunki ushbu sabzavot mayonez bilan foydali xususiyatini yo‘qotishi mumkin.


 Kasalliklarni davolaydi


Agar sizni radikulit bezovta qilsa, bir bog‘ rediskani qirg‘ichdan o‘tkazib, ikki qavat dokaga o‘rang. So‘ng og‘riq berayotgan sohaga kompress qiling.


Bosh og‘rig‘idan bezor bo‘lsangiz, uni ham rediska yordamida davolash mumkin. Buning uchun 2-3ta rediska sharbatini peshona, chakka va ko‘z atrofiga surtib chiqasiz.


Agar qabziyat qiynasa, har kuni yarim kosa rediskali salat iste’mol qiling. Bunday salat uchun bir bog‘ rediska, shivit va kashnichni mayda to‘g‘rab, qatiq qo‘shib aralashtiring.


 Sharbati yuz terisini oziqlantiradi


Ko‘klam quyoshi yuz teringizda pigment dog‘larni ko‘payishiga sabab bo‘ldimi? Bu muammoni rediska yordamida hal etsa bo‘ladi. Buning uchun 2 osh qoshiq smetanaga bitta qirg‘ichdan chiqarilgan rediska, yarim bog‘ to‘g‘ralgan kashnichni aralashtiring. Hosil bo‘lgan aralashmani yuzingizga surting-da, 15 daqiqaga qoldiring. So‘ngra iliq suvda chaying. Muolaja bir haftada uch marta bajarilsa, bir oydan so‘ng natijasi seziladi.


Agar yuz teringiz quruqlashib ketayotgandek tuyulsa, ertalab va kechqurun bitta rediskani qirg‘ichdan chiqariing va  sharbati bilan yuzingizni arting. 15 daqiqadan keyin iliq suvda chayib oling. Rediska sharbati yuz terisini oziqlantirib, quruqlashishidan himoya qiladi.


 Rediskani archib yemang!


Rediskaday ajib ne’matni isrof qilib, po‘stini ajratib yeyish yaxshi emas. Uni bir necha bor yuvib, bandi, uchi va ildizlarinigina qirqib tashlab, po‘sti bilan yeyish kerak. Negaki, tarkibidagi foydali ne’matlarning asosiy qismi po‘stlog‘idadir.


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

196

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing