“Real Madrid”ning sobiq futbolchisi “Inter Mayami” bilan shartnoma imzoladi
Sport
−
13:10 1209 2 daqiqa
“Real Madrid”ning sobiq chap qanot himoyachisi Serxio Regilon erkin agent sifatida “Inter Mayami” safiga borib qo‘shildi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
Kelishuv 2027 yil dekabrgacha amal qiladi va yana bir yilga shartnoma imzolash imkoniyatini ham o‘z ichiga oladi.
“Bu juda katta loyiha. Ishlarni to‘g‘ri yo‘l bilan bajarayotgan g‘olib klub va meni aynan shu narsa jalb qildi. Bu yerga g‘alaba qozonish va raqobatlashishda davom etish uchun keldim. Mening maqsadim g‘alaba qozonishda davom etish, boy bergan sovrinlarimizni qo‘lga kiritish va bu yerda hamma narsani yutib olish”, deydi Serxio Regilon.
Himoyachi La Ligada “Real Madrid”, “Atletiko Madrid” va “Sevilya” jamoalarida o‘ynagan va Ispaniya chempionatida 56 ta o‘yinda maydonga tushgan. Regilon “Sevilya” tarkibida 2019-20 yilgi mavsumda Yevropa ligasi kubogini qo‘lga kiritgan. Shuningdek, u Premer-ligada “Tottenxem”, “Manchester Yunayted” va “Brentford” safida 81 ta o‘yinda ishtirok etgan.
Ma’lumot uchun, 29 yoshli ispaniyalik himoyachi o‘tgan mavsum yakunida “Tottenxem” safini tark etgandan so‘ng klubsiz yurgan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Inter Mayami” jamoasi argentinalik yarimhimoyachi Rodrigo De Paulning shartnomasini “Atletiko Madrid”dan sotib olgan edi.
Live
Barchasi