“Real Madrid” 22 yillik antirekordini takrorladi

Sport

image

Kecha, 10 dekabr kuni “Real Madrid” Chempionlar Ligasining 6-turida “Manchester Citi”ga qarshi o‘yinda mag‘lubiyatga uchradi. Ushbu uchrashuvda madridliklar raqib darvozasiga faqat bitta aniq zarba yo‘llay oldi. Bu klubning Chempionlar Ligasidagi so‘nggi 22 yil ichidagi eng yomon natijasi hisoblanadi.

Opta ma’lumotlariga ko‘ra, bu “Real Madrid” uchun Chempionlar ligasidagi o‘yinlarda “Santyago Bernabeu”da 2003-2004 mavsumidan beri eng past ko‘rsatkich hisoblanadi. Mezbonlar ushbu uchrashuvda raqib darvozasi tomon jami 16 marta zarba yo‘lagan bo‘lsa-da, ularning faqat 1 tasi darvoza sohasiga aniq bordi. Shu tariqa “Real Madrid” o‘z maydonida ketma-ket ikkinchi mag‘lubiyatni qabul qilib oldi.

Shuni qayd etish joizki, Kilian Mbappe ushbu o‘yinda jarohati sabab maydonga tusha olmadi. Fransiyalik hujumchi “Real Madrid”ning asosiy to‘purari hisoblanib, madridliklarning Chempionlar Ligasi doirasida kiritgan 13 golining 9 tasiga mualliflik qilgan.

“Real Madrid” barcha musobaqalarda so‘nggi sakkizta o‘yinda faqat ikki marta g‘alaba qozondi. Shu bilan birga, ispan OAVlarida Xabi Alonsoning iste’foga chiqarilishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalmoqda.

Ma’lumot uchun, Chempionlar Ligasi umumiy jadvalida “Real Madrid” 12 ochko bilan 7-o‘rinni egallab turibdi. Jamoa navbatdagi tur doirasida Madridda “Monako”ni qabul qiladi.


Maqola muallifi

Teglar

antirekord “Real Madrid” “Manchester Citi”

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing