“Real” afsonasi vafot etdi
Sport
−
18 yanvar 2022
20982Bugun, 18 yanvar kuni Madridning “Real” klubi sobiq futbolchisi va faxriy prezidenti Fransisko “Pako” Xento 88 yoshida vafot etdi.
Xento klub safida o‘ynab, Yevropa chempionlar kubogini olti marta qo‘lga kiritgan va bu natija bo‘yicha futbol tarixidagi yagona o‘yinchi hisoblanadi. U vafotiga qadar “Real Madrid”ning faxriy prezidenti bo‘lgan, bu rol unga sobiq jamoadoshi Alfredo Di Stefanodan “meros” bo‘lib qolgan.
“Klub prezidenti va direktorlar kengashi “Real Madrid”ning faxriy prezidenti, klubimiz va jahon futbolining eng buyuk afsonalaridan biri Fransisko Xentoning vafotidan chuqur qayg‘uda. Uning rafiqasi Mari Luz, o‘g‘illari – Fransisko, Xulio, nabiralari – Aitana va Kandelaga hamda qarindoshlari, jamoadoshlari, yaqinlariga hamdardlik bildiradi”, deyiladi “Qirollik klubi” xabarida.
Eslatib o‘tamiz, Pako Xento futbol tarixida 6 marta yevrokuboklarni qo‘lga kiritgan yagona futbolchi sanaladi. U 1953-1971 yillar oralig‘ida klub sharafini himoya qilgan va “Real Madrid”dagi 18 yillik faoliyati davomida 12 marta Ispaniya chempioni bo‘lgan.U “qaymoqranglilar” safida 600 o‘yin o‘tkazib, 182 gol urgan. Shuningdek, Ispaniya terma jamoasi safida 43 marta maydonga tushgan.