Qamoqxonadan chiqqan o‘liklar. Hammasi tasodifmi?

Intervyu

Samarqand viloyatida tergov hibsxonasida saqlanayotgan 35 yoshli sobiq “Raygaz” rahbarining vafoti yana bir bor yopiq muassasalarda yuz berayotgan o‘limlar masalasini kun tartibiga olib chiqdi. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, 21 fevral kuni Kattaqo‘rg‘on tumani 7-sonli tergov hibsxonasida saqlanayotgan, Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “v” bandi hamda 28, 211-moddasi (pora berish) 1-qismi bilan ayblanib, qamoqqa olingan 1991 yilda tug‘ilgan fuqaroning sog‘lig‘i yomonlashgan. U Kattaqo‘rg‘on shahar tibbiyot birlashmasiga olib borilayotgan paytda, soat 18:00 atrofida vafot etgan.

Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shoxruh G‘iyosovning bildirishicha, birlamchi sud-tibbiy tashxis marhumning o‘limini “2-tip qandli diabetning og‘ir asoratlari” bilan izohlagan. Tanasida jarohat izlari aniqlanmagan. Shuningdek, 18 fevral kuni ayblanuvchi kasalligi sababli shifoxonaga olib chiqilgani, yaqinlariga xabar berilgani, 20 fevral kuni esa shifokorlar xulosasiga ko‘ra sog‘lig‘i qoniqarli bo‘lgani sababli hibsxonaga qaytarilgani ma’lum qilingan.

Rasmiy bayonot mantiqan yopiq: kasallik bor edi, muolaja qilingan, o‘lim tabiiy sabab bilan yuz bergan. Ammo jamoatchilikda haqli savol tug‘iladi, nega aynan hibsxona yoki tergov jarayonida bo‘lgan shaxslarda “og‘ir asoratlar”, “to‘satdan yurak yetishmovchiligi” yoki “o‘tkir kasallik” kabi tashxislar bilan o‘lim holatlari takror-takror uchramoqda?

Aynan shunga o‘xshash ssenariy yo‘q, aniqrog‘i bu kabi holat Surxondaryoda sodir bo‘lgan. O‘sha vaqtda bir oilaning uch a’zosi o‘ldirib ketilgan, qotillik jinoyati tergovi jarayonida shu hududdagi ko‘plab erkaklar so‘roq uchun Uzun tumani IIB binosiga olib borilgan. Bular qatorida bo‘lgan 50 yoshli fermer ham xodimlar tomonidan uyidan olib ketilgan. U IIB binosida 2 kun saqlangan va 25 fevral kuni “yurak xurujidan” vafot etgan. Marhumning yaqinlari tanada qiynoq izlari borligini, jinoyatni uning bo‘yniga qo‘ymoqchi bo‘lganini bildirgan.

Marhum Hayitovga nisbatan 24 fevral kuni JIB Uzun tuman sudi sudyasi A. Aliqulov tomonidan qaror chiqarilgan. Sud hujjatiga ko‘ra, marhumga o‘limidan bir kun oldin MJKning 183-moddasi (mayda bezorilik) bilan ayb qo‘yilib, 6 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan. Biroq, sud qarorining o‘zida bir qator chalkashliklar bo‘lgan. Hayitov 23 fevral kuni uyidan olib ketilgan bo‘lsa-da, sud hujjatida u Navro‘z mahallasida kim bilandir janjallashgani qayd etilgan. Qarorda marhum Navro‘z mahalla idorasida tanishi bilan tortishib, jamoat joyida uni haqorat qilgani yozilgan. Hujjat davomida esa jabrlanuvchining familiyasi boshqa bir familiyaga almashib qoladi.

Shuningdek, qarorda tilga olingan “ishda to‘plangan boshqa ob’ektiv dalillar yig‘indisi” nimadan iborat ekani ochiqlanmagan. Eng muhimi, yaqinlariga sud bo‘lib o‘tgani va oilaning asosiy boquvchisi 6 sutkaga qamalgani haqida xabar berilmagan. Sud qaroriga ko‘ra, 2025 yil 24 fevral kuni soat 18:00 da jazoni o‘tash muddati boshlangan. 25 fevral kuni ertalab esa Hayitov vafot etgan.

Marhumning o‘limi yuzasidan tayyorlangan maxsus axborotda uning sud qarori bilan 6 sutka ma’muriy qamoq jazosini o‘tash uchun Termiz shahridagi ma’muriy qamoqxonaga olib borilayotgan vaqtida yo‘lda sog‘lig‘i yomonlashgani, Sariosiyo tumani shoshilinch tez tibbiy yordam bo‘limiga olib kelinganida vafot etgani qayd etilgan.

Huquqshunoslar orasida ma’muriy qamoq ba’zan tergov amaliyotida “klassik usul” sifatida qo‘llanayotgani haqida fikrlar bor. Ochilmagan jinoyatlarni fosh etishda shubhali shaxslarni IIB binosida ushlab turish uchun MJtKning mayda bezorilik (183-modda), haqorat yoki ichki ishlar xodimining qonuniy talabiga bo‘ysunmaslik kabi moddalar qo‘llanadi. Amaliyotda shaxs aybni sodir etgan-etmagani ko‘pincha ikkinchi darajali masalaga aylanadi, sudlar esa ma’muriy qamoq tayinlash bilan cheklanadi.

Hayitovning o‘limi – alohida hodisami yoki tizimli muammoning navbatdagi ko‘rinishimi? Agar fuqaro ikki kun IIB binosida bo‘lgan bo‘lsa, uning sog‘lig‘i holati qanday nazorat qilingan? Nega og‘ir holat yo‘lda aniqlangan? Sud qaroridagi chalkashliklar, familiyalar almashuvi, dalillarning ochiqlanmagani va yaqinlarga xabar berilmagani vaziyatni shubha ostiga qo‘yadi. Biroq, eng muhim masala – inson erkinligidan mahrum etilgan paytdan boshlab uning hayoti va sog‘lig‘i uchun davlat to‘liq javobgar hisoblanadi. 


Bunga o‘xshash holat 2025 yil yanvar oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining AQSHdagi vakili Komil Allamjonovga nisbatan sodir etilgan suiqasd voqeasi ortidan ham kuzatilgan. O‘sha paytda uning 7 nafar xodimi (qo‘riqchi, haydovchi, oshpaz va boshqalar) ichki ishlar xodimi talabiga bo‘ysunmagani uchun 15 sutkaga ma’muriy qamoqqa olingan. Keyinchalik ish O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida ko‘rib chiqilib, ma’muriy qamoqqa tortilganlarning barchasi oqlangan.

2025 yil fevral oyida 21 yoshli Muhammadqodir Po‘latov Olmaliqdagi jazoni ijro etish muassasasida vafot etgandi. Bosh prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, unga “o‘tkir miokard yetishmovchiligi va pankreatit” tashxisi qo‘yilgan. Biroq, marhum tanasida qiynoq alomatlari borligi haqidagi xabarlar jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘lgandi. 21 yoshli yigitning “yurak xuruji” bilan o‘lganiga ko‘pchilik ishonmadi.

2024 yil may oyida ham shunga o‘xshash holat bo‘lgandi. Namangan viloyatidagi jazoni ijro etish koloniyasida 24 yoshli mahkum o‘z joniga qasd qilgani xabar qilingan. U Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni sotish maqsadida noqonuniy ishlab chiqarish, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek, ularni ko‘p miqdorda sotish) bilan uzoq muddatli jazoni o‘tayotgan bo‘lgan. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, marhum mahbusning bo‘yin sohasidagi strangulyatsiya chuqurchasidan boshqa jarohatlar aniqlanmagan.

2022 yil yoz oyida, Tovoqsoy qamoqxonasida 20 yoshli mahkum qiynoqlarga dosh berolmay o‘z joniga qasd qilgan. Fuqaro tomdan yiqilish oqibatida og‘ir tan jarohati olgan.

Inson huquqlari faoli, “Ezgulik” jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanovning aytishicha, hodisa 25 iyun kuni ro‘y bergan. Huquq faoliga ko‘ra, mahkum xalq tilida “sangorod” deb ataladigan mahbuslar shifoxonasida davolangan.

“Mahkum joniga qasd qilgani haqida yaqinlariga oradan 4 kun o‘tib xabar berishibdi. Orada mazkur hodisa bo‘yicha bir odamni ishdan bo‘shatishibdi. Surishtiruv xulosalari borasida esa hech nima deyishmayotgan ekan”, deydi u.

Tashanovning so‘zlariga ko‘ra, jabrlanuvchi muntazam qiynoqqa solingan. Mahkumning otasi farzandini 10 aprel kuni onasi bilan birgalikda ko‘rib kelishgani, ertasiga u karserga tashlanganini ta’kidlagan.

“Sud hukmi bilan 2020 yilning fevralida 10 yilga qamalgan bu yigitcha panjara ortiga kirganida 18 yoshda edi. Bosh miyasida bolalikdan jarohati bor ekan, “Ezgulik”ka qilgan murojaatiga qo‘shib bir dunyo tibbiy xulosalarni ham taqdim qilishgan boyaqishlar. Talabi – qiynoqqa solgan o‘sha zo‘ravonlarga nisbatan chora ko‘rdirish ekan, advokatga qo‘li kalta ota-onaning. Koloniya ma’muriyati esa bolaning o‘zini irodasizlikda ayblamoqda. Ko‘rinadiki, irodasiz bo‘lsangiz, qamoqqa tushmang. Aks holda, siz uchun hech kim javob bermaydi. Rasmiylar bunday noxush hodisani yashirishadi, go‘yo hammayoq chaman, gullab ketgan, yashnab ketgan”.

Holat yuzasidan bayonot bergan Toshkent viloyati prokuraturasi binoning yuqori qavatidan o‘zini tashlashga uringan mahkumlar ikki nafar bo‘lgani ma’lum qilingan. IIV Jazoni ijro etish departamenti tasarrufidagi 7-son JIEK boshlig‘ining ma’lum qilishicha, uch nafar o‘sha yilning 20 iyunida qo‘llangan intizomiy jazodan norozi bo‘lib, 25 iyun kuni soat tonggi beshlar atrofida koloniyaning 10-turkumi tom qismiga chiqib, o‘zlarini boshqa koloniyaga o‘tkazishlarini talab qilishgan; koloniya xodimlarining tushuntirishlariga qaramasdan soat 6:30 da binoning 2-qavatidan o‘zlarini pastga tashlagan. Koloniyaning davolash-profilaktik yordam ko‘rsatish bo‘limi xodimi tomonidan birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatilgani, mahkumning umumiy ahvoli qoniqarli ekani aytilgan.

Toshkent maxsus prokuraturasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari natijasiga ko‘ra, ushbu holatda jinoyat alomatlari aniqlanmagan va jinoyat ishi qo‘zg‘atish rad etilgan.

2021 yilda esa Qashqadaryodagi qamoqxonada mahkum tomirini kesib, o‘z joniga qasd qilgan. Bosh prokuratura matbuot kotibi taqdim etgan munosabatda ma’lum qilinishicha, ijtimoiy tarmoqlarda joniga qasd qilgani aytilayotgan mahkum 4-mintaqaviy hudud 35-sonli manzil koloniyasiga 2021 yilda 9-sonli TX orqali etap bo‘lib kelgan. Unga muassasada o‘rnatilgan ichki tartib-qoidalar yozma ravishda tanishtirilgan.

35-sonli manzil-koloniyasiga keltirilib, koloniyaning shifokorlik punktida birlamchi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilganida, mahkumda “O‘tkazilgan bosh miya jarohatidan keyingi holat” (anamnez) mavjudligi aniqlanib, dispanser nazoratiga olingan.  2021 yil 20 avgust kuni 35-sonli manzil koloniyasida joylashgan oziq-ovqat do‘konida mahsulot xarid qilish vaqtida shu do‘konga kirib kelgan koloniya xodimlari safdorlarni ko‘rib, ularga: “Mening ortimdan kuzatib yuribsanlarmi?” deb e’tiroz bildirgan.


Shu payt ular o‘zaro gap talashib ketgani sababli mahkum ushbu kelishmovchilik ortidan o‘ziga nisbatan jazo chorasi qo‘llanishi mumkinligidan qo‘rqib, do‘kon oldiga chiqib, cho‘ntagida bo‘lgan soqol olish uchun mo‘ljallangan olmos bo‘lagi (lezviye) bilan qornini va qo‘llarini 3-4 marotaba tilib, ekspertiza xulosasiga ko‘ra o‘ziga “yengil shikast” ko‘rinishida tan jarohati yetkazgan.

IIV matbuot kotibi Shohrux G‘iyosovning ma’lum qilishicha, mahkumlar o‘ziga shikast yetkazish yoki shu bilan qo‘rqitish orqali jazoni ijro etish ma’muriyatiga bosim o‘tkazish yoki biror yengillikka erishish yoxud intizomiy jazodan qutulib qolishga intilish holatlari ashaddiy jinoyatchilar orasida keng tarqalgan bo‘lib, bunday tomoshani ular o‘zaro “otritsalovka” deb nomlashadi. G‘iyosovning ta’kidlashicha, holat yuzasidan Qashqadaryo viloyati prokuratura organlari tomonidan tekshiruv o‘tkazilgan va jazoni ijro etish muassasasi xodimlari harakatlarida qonun buzilishi holatlari aniqlanmagan. 

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 26-moddasiga ko‘ra, hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, shafqatsiz, inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomala yoki jazoga duchor etilishi mumkin emas. Bu norma to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qiladi va barcha davlat organlari, jumladan, tergov va jazoni ijro etish tizimi uchun majburiydir.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 235-moddasida qiynoqqa solish alohida jinoyat sifatida nazarda tutilgan.
Mazkur moddaga ko‘ra, tergovchi, surishtiruvchi, prokuror yoki boshqa mansabdor shaxs tomonidan gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, guvoh yoki jabrlanuvchidan ko‘rsatma olish maqsadida qiynoqqa solish, ruhiy yoki jismoniy bosim o‘tkazish jinoyat hisoblanadi. Shuningdek, O‘zbekiston 1995 yilda Qiynoqlarga qarshi konvensiyaga qo‘shilgan. Ushbu xalqaro hujjatga ko‘ra, qiynoqqa solish har qanday sharoitda taqiqlanadi; favqulodda holat yoki urush ham bu taqiqni oqlay olmaydi. Qiynoqqa oid har bir da’vo mustaqil va xolis tekshiruvdan o‘tkazilishi shart. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, qiynoq orqali olingan ko‘rsatmalar dalil sifatida haqiqiy hisoblanmaydi. Sudlar bunday ko‘rsatmalarga tayanishi mumkin emas.

Shavkat Mirziyoyev 2021 yilda BMT Inson huquqlari bo‘yicha Kengashida qatnashgan nutqida qamoqxona, hibsxona va boshqa cheklangan erkinlik joylarida qiynoqlar har qanday shaklda qat’iyan man etilishi va bunday jinoyatlar uchun javobgarlik bo‘lishi haqida gapirgan. U “inson qadr‑qimmati hurmat qilinadigan tizimni mustahkamlash” ni davlatning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida atagan. Prezident Shavkat Mirziyoyev 26 iyun kuni “Qiynoq holatlarini aniqlash va oldini olish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Qarorda qiynoq va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala yoki jazo holatlarini aniqlash va oldini olish tizimining samaradorligini oshirishning ustuvor vazifalari belgilab berilgandi.

Masalaning boshqa bir tomoni ham bor. Hibsxona va koloniyalar yopiq tizim hisoblanadi. Axborot asosan rasmiy manbalar orqali chiqadi. Muqobil tekshiruv, mustaqil monitoring yoki fuqarolik nazorati mexanizmlari yetarli darajada ochiq bo‘lmagani esa ishonch inqirozini chuqurlashtiradi. Natijada, har bir o‘lim – hatto, tabiiy sabab bilan yuz bergan bo‘lsa ham,  shubha bilan qaraladi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Jinoyat Surxondaryo Namangan Samarqand O'zbekiston Komil Allamjonov Sariosiyo tez tibbiy yordam Olmaliq Sud qarori Muhammadqodir Po'latov Marhum Hayitov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing