Rauf Parfi, Muhammad Yusuf, To‘ra Sulaymon va boshqa ijodkarlar mukofotlandi
Madaniyat-san’at
−
23 avgust 8625 3 daqiqa
O‘zbekiston xalq shoiri Rauf Parfi (Tursunali Parfiyev), To‘ra Sulaymon (To‘ra Sulaymonov), Muhammad Yusuf (Muhammadjon Yusupov) va boshqa ijodkorlar “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi. Bu haqdagi farmonga bugun, 23 avgust kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev imzo chekdi.
Farmonga ko‘ra, “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan quyidagilar taqdirlangan:
- Vali G‘afurov – O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, adib
- To‘xtasin Jalolov – O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, adabiyotshunos olim, tarjimon
- Begali Qosimov – O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, jadidshunos olim
- Quddus Muhamedov (Quddus Muhammadiy) - O‘zbekiston xalq shoiri
- Alibek Rustamov (Alibek Rustamiy) - O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, adabiyotshunos olim.
“Mehnat shuhrati” ordeni bilan:
- Anvar Obidjon (Anvarjon Obidjonov) - O‘zbekiston xalq shoiri.
Ma’lumot uchun, Rauf Parfi 1943 yil 27 sentyabrda Toshkent viloyatida oddiy dehqon oilasida tug‘ilgan. Birinsi she’ri 1957 yilda chop etilgan. Uning asosiy she’riy to‘plamlari orasida “Karvon yo‘li” (1968), “Aks-sado” (1970), “Tasvir” (1973), “Xotirot” (1974), “Ko‘zlar” (1976), “Qaytish” (1981), “Sabr daraxti” (1986), “Sukunat” (1991) va “Tavba” (2001) bor. U tarjima bo‘yicha ham faol bo‘lib, Bayronning “Manfred”, Nozim Hikmatning “Inson manzaralari”, Karlo Kaladzening “Dengiz xayoli” kabi klassik asarlarni o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Shoir 1999 yilda “O‘zbekiston xalq shoiri” unvoniga sazovor bo‘lgan. U 2005 yil 28 mart kuni Toshkentda yurak xurujidan vafot etdi.
Muhammad Yusuf 1954 yil 26 aprel kuni Andijon viloyatida tug‘ilgan. U 1978 yilda Toshkentdagi Rus tili va adabiyoti institutini tamomlab, Respublika kitobsevarlar jamiyati, “Toshkent oqshomi” gazetasi, Adabiyot va san’at nashriyoti, “Tafakkur” jurnali va “O‘zbekiston ovozi” gazetasida faoliyat yuritgan. Birinchi she’ri 1976 yilda chop etilgan, ilk to‘plami “Tanish teraklar” 1985 yilda nashr qilingan. Muhammad Yusuf 1998 yilda “O‘zbekiston xalq shoiri” unvoniga sazovor bo‘lgan va “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlangan. Uning mashhur to‘plamlari qatorida “Bulbulga bir gapim bor”, “Uyqudagi qiz”, “Ishq kemasi”, “Erka kiyik” va “Ulug‘imsan, Vatanim” bor. 2001 yil 29 iyulda ijodiy safar chog‘ida Elliqqal’a tumanida yurak xurujidan vafot etib, Andijonda dafn qilingan.
To‘ra Sulaymon 1934 yil 15 fevralda Jizzax viloyatida tug‘ilgan. U Toshkent davlat universitetining jurnalistika fakultetini 1958–1964 yillarda tamomlagan. “Guliston” va “Sirdaryo haqiqati” gazetalarida ishlagan, 1972–1977 yillarda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Sirdaryo viloyat bo‘limining mas’ul kotibi, 1977–1981 yillarda adabiy maslahatchi bo‘lgan, umrining oxirigacha bu lavozimda faoliyat yuritgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist, marhum xonanda Oxunjon Madaliyev “Mehnat shuhrati” ordeni bilan, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist, marhum xonanda Muhriddin Xoliqov esa “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangandi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr