Rasmiy Moskva Pelosining Tayvanga tashrifini ochiq provakatsiya deb atadi

Olam

image

Avvalroq, Amerika Qo‘shma Shtatlari Kongressi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosining Tayvanga tashrif buyurgani haqida xabar bergan edik. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi mazkur holatga munosabat bildirdi. 

“Biz uning tashrifini AQSHning Xitoy Xalq Respublikasini har tomonlama to‘sish bo‘yicha agressiv chizig‘i ruhidagi provokatsiya sifatida baholaymiz. Tayvan bo‘g‘ozi atrofidagi holatlarni Xitoyning sof ichki ishi, deb hisoblaymiz”, deyiladi Rossiya TIV bayonotida.

Qayd etilishicha, Xitoy tomoni Tayvan masalasida o‘z suvereniteti va hududiy yaxlitligini himoya qilish uchun zarur choralarni ko‘rish huquqiga ega. Bu borada Rossiyaning prinsipial pozitsiyasi o‘zgarishsiz qolmoqda.

“Biz faqat bitta Xitoy borligi, XXR hukumati butun Xitoyni ifodalovchi yagona qonuniy hukumat va Tayvan Xitoyning ajralmas qismi ekanligidan kelib chiqamiz”, deyiladi bayonotda.

Shuningdek, diplomatik departament Vashingtonni mintaqaviy barqarorlik va xalqaro xavfsizlikka putur yetkazuvchi harakatlardan tiyilishga, Amerika gegemonligiga o‘rin qolmagan yangi geosiyosiy voqelikni tan olishga chaqirdi.

“Biz Vashingtonni mintaqaviy barqarorlik va xalqaro xavfsizlikka putur yetkazuvchi harakatlardan tiyilishga, Amerika gegemonligiga o‘rin qolmagan yangi geosiyosiy voqelikni tan olishga chaqiramiz”, deyiladi rasmiy munosabatda.

Vazirlik eslatishicha, Rossiya va Xitoy rahbarlarining 2022 yil 4 fevral kuni Pekinda bo‘lib o‘tgan muzokaralari yakunlari bo‘yicha xalqaro munosabatlar yangi davrga kirayotgani va global barqaror rivojlanish masalalari bo‘yicha qabul qilingan qo‘shma bayonotda Rossiya tomoni “yagona Xitoy” tamoyiliga sodiqligini yana bir bor tasdiqlagan hamda Tayvan orolining mustaqilligiga qarshi chiqqan.

Eslatib o‘tamiz, Pelosi boshchiligidagi Amerika delegatsiyasi Taybeydagi “Grand Hyatt” mehmonxonasida. AQSH Kongressi Vakillar palatasi spiker 3 avgust kuni soat 17:00 gacha Tayvanda bo‘lishi kutilmoqda. Tashrif davomida u mehmonxonada matbuot anjumani o‘tkazadi, Tayvan ma’muriyati rahbari Say Inven va mahalliy siyosiy partiyalar vakillari bilan uchrashadi.

Nensi Pelosi uning tashrifi AQSH Tayvanni qo‘llash borasida qanchalik qat’iy pozitsiyada ekanini ko‘rsatishini aytdi.

Ma’lumot uchun, AQSH Kongressi Vakillar palatasi spikeri Osiyo turnesi davomida Malayziya, Singapur, Koreya va Yaponiyaga borishi rejalashtirilgan. Safar aprel oyida amalga oshirilishi kerak edi. Biroq palata spikeri koronavirusga chalingach, safar kechiktirildi.

Xitoy Pelosining Tayvanga borishi munosabatlarga jiddiy putur yetkazishi haqida bir necha marta ogohlantirdi. Hatto uning samolyotini urib tushrishi mumkinligini ko‘rsatish uchun Tayvanga eng yaqin viloyatida haqiqiy o‘qlardan foydalangan holda mashg‘ulot boshladi. Hatto viloyatga havo hujumidan mudofaa tizimlari ham joylashtirildi.

Tayvan 1949 yilda Chan Kayshi (1887-1975) boshchiligidagi Gomindan qo‘shinlarining qoldiqlari Xitoy fuqarolar urushida mag‘lubiyatga uchragach, orolga qochib ketganidan beri o‘z ma’muriyati tomonidan boshqariladi. O‘shandan beri Tayvan kommunistlar hokimiyatga kelishidan oldin materikda mavjud bo‘lgan sobiq Xitoy Respublikasi bayrog‘i va boshqa atributlarini saqlab qolgan.

Qo‘shma Shtatlar 1979 yilda Tayvan bilan diplomatik aloqalarni uzib, ularni XXR bilan o‘rnatgan. Vashington “yagona Xitoy” siyosatini tan olish bilan birga, ayni paytda Taybey ma’muriyati bilan aloqalarni davom ettirmoqda va orolga qurol yetkazib bermoqda. 2020 yilda AQSHning avvalgi Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Gonkongdagi vaziyat tufayli Pekin bilan munosabatlarning keskinlashuvi fonida Tayvan bilan aloqa va almashinuvlarni sezilarli darajada faollashtirdi, bu esa XXR rasmiylarining noroziligiga sabab bo‘ldi. 

AQSH Tayvanning asosiy qurol yetkazib beruvchisidir. Joriy yilning aprel oyida Davlat departamenti Patriot zenit-raketa tizimlariga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha 95 million dollarlik shartnomani ma’qulladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

176

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing