Rasman: WBA Naoya Inoue – Murodjon Ahmadaliyev jangiga buyruq berdi
Sport
−
14 iyun
10326Butunjahon boks assotsiatsiyasi (WBA ) ikkinchi eng yengil vazn toifasi chempioni, yaponiyalik Naoya Inouega o‘zbekistonlik Murodjon Ahmadaliyevdan majburiy himoya jangi o‘tkazishga buyruq berdi. Bu haqda O‘zbekiston Professional boks federatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.
Tashkilot tomonlarga rasmiy maktub yuborib, har ikki jamoaga muzokara uchun 30 kun muhlat berdi. Tomonlar 14 iyulga qadar jang borasida kelishuvga erishishi kerak.
Reglamentga ko‘ra, chempion kamarni qo‘lga kiritgan kundan boshlab 9 oy ichida mavjud bo‘lgan eng yaxshi da’vogarga qarshi unvonini himoya qilishi kerak.
Inoue 2023 yilning 26 dekabrida chempionlikni qo‘lga kiritgan va uning majburiy himoyasi shu yilning 25 sentyabridan kechiktirmay o‘tkazilishi kerak. WBA yo‘nalishidagi majburiy da’vogar esa aynan o‘zbekistonlik Murodjon Ahmadaliyev bo‘lib turibdi.
Agar belgilangan muddatda kelishuvga erishilmasa, promouterlar o‘rtasida ochiq kim oshdi savdosi o‘tkaziladi.
Ma’lumot uchun, WBA va IBF yo‘nalishlarida sobiq jahon chempioni Murodjon Ahmadaliyev hozirda AQSHda mashg‘ulotlarni davom ettirmoqda.
LiveBarchasi