Rasman: O‘zbekistondan xalqaro avtobus tashuvlari to‘xtatildi
Jamiyat
−
13 yanvar 2023
5492O‘zbekiston va unga qo‘shni respublikalarda davom etayotgan anomal sovuq tufayli avtobuslar orqali xalqaro tashuvlar vaqtincha to‘xtatildi. Bu haqda Transport vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, shu kunlarda qo‘shni Qozog‘iston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasida kuzatilayotgan kuchli sovuq tufayli yo‘llarda muzlamalar hosil bo‘lib, avtotransport vositalarida texnik nosozliklar kelib chiqishi oqibatida yo‘lovchilar qiyin vaziyatlarga tushib qolish holatlari kuzatilmoqda.
Vazirlik bunga misol tariqasida Qozog‘istonda ichida 31 nafar o‘zbekistonliklar bo‘lgan avtobus bilan kuzatilgan hodisani misol tariqasida keltirdi.
“Joriy yilning 12 yanvar kuni Qozog‘istondagi “Samara-Chimkent” avtomobil yo‘lining 819-kilometrida “Krasnodar-Sariog‘och” xalqaro yo‘nalishida harakatlangan, ichida O‘zbekistonning 31 nafar fuqarosi bo‘lgan avtobus to‘xtab qoldi.
Avtotransport vositasi yo‘lda qolib ketishiga kuchli sovuq tufayli dizel yonilg‘isi muzlab qolgani sabab bo‘lgan. Qozog‘iston Respublikasi Aqto‘be oblasti Xromtau rayoni qutqaruvchilari yo‘lovchilarni Xromtau shahridagi "Cherxon" kempingiga joylashtirishgan. Jabrlanganlar yo‘q, yo‘lovchilarning issiqlik ta’minoti nazoratga olingan”, deyiladi xabarda.
Ma’lum qilinishicha, noqulay ob-havo sharoitini inobatga olib, yo‘lovchi tashuvlari xavfsizligini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasidan xalqaro yo‘nalishlarda amalga oshiriluvchi muntazam avtobus qatnovlari joriy yil 13 yanvardan vaqtinchalik to‘xtatildi.
LiveBarchasi
Medvedev Xitoyga bordi.
10:15