Rasman: O‘zbekistonga “Omicron”ning xavfli shtammi kirib keldi
Jamiyat
−
23 iyun 2022
27405O‘zbekistonda koronavirusning eng yuqumli shtammi — “Stealth-Omicron” BA.2 varianti aniqlandi. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i Bahodir Yusupaliyev O‘zAga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Yusupaliyevga ko‘ra, Innovatsion rivojlanish vazirligining Ilg‘or texnologiyalar markazida virus genomini o‘rganish (sekvenlash) bo‘yicha o‘tkazilgan tahlillarning 67 foizida “Omicron” va 33 foizida “Omicron” shtammining yangi mutatsiyadagi “Stealth-Omicron” BA.2 varianti topilgan.
“Bugungi kunda mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi bo‘yicha vaziyat barqarorligi ta’minlanib kelinmoqda. Lekin o‘tgan ikki yil davomida aynan iyul-avgust oylarida kasallanish ko‘tarilganligi qayd etilgan. Shuning uchun koronavirus infeksiyasi tarqalishini oldini olish maqsadida aholini koronavirus infeksiyasiga qarshi emlash va buster dozasi bilan qayta emlash ishlarini jadallashtirish katta ahamiyatga ega”, deya qo‘shimcha qildi Bahodir Yusupaliyev.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasiga qarshi emlashda qo‘llanilgan jami vaksinalar soni 57,7 million dozadan oshdi. Ulardan birinchi bosqich emlanganlar 20 million 550 ming 541 nafarni, ikkinchi bosqichda emlanganlar 16 million 856 ming 230 nafarni, uchinchi bosqich va buster doza bilan emlanganlar 20 million 355 ming 55 nafarni tashkil qildi.
12-18 yoshdagi emlanuvchilar uchun jami 1 million 587 ming 480 doza vaksinadan foydalanildi. Ulardan birinchi bosqich emlanganlar 863 ming 351 nafarni, ikkinchi bosqichda emlanganlar 675 ming 766 nafarni, uchinchi bosqich va buster doza bilan emlanganlar 48 ming 363 nafarni tashkil qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 22 iyun kuni O‘zbekistonda 98 ta koronavirus bilan kasallanish holati aniqlangan.