Rasman! Roman Abramovich “Chelsi”ni sotdi
Sport
−
27 may 2022
10626Rossiyalik oligarx Roman Abramovich “Chelsi”ni rasman amerikalik tadbirkor Todd Boelining konsorsiumiga sotdi. Bu haqda “Companies House” (Buyuk Britaniyadagi yuridik shaxslarning Birlashgan davlat reyestri) xabar berdi.
“Chelsi” klubining sotilishini Angliya Premer ligasi rahbariyati ham tasdiqlagan edi. Buyuk Britaniya hukumati mamlakatdagi aktivlari muzlatilgan Roman Abramovich klubni sotishdan foyda ko‘rmasligi haqidagi huquqiy kafolatlarni olgach, kelishuvni ma’qullagan. “Chelsi”ni sotib olish haqidagi bitimning qiymati 4,25 milliard funt sterling (taxminan 5 milliard yevro)ni tashkil etdi.
Qayd etish joizki, klubni sotishdan tushgan 2,6 milliard funt sterling Britaniya hukumatiga o‘tishi va uning 1 milliard funt sterlingi darhol Ukrainaga yordam berish uchun o‘tkazilib, qolgan 1,6 milliard funt sterlingi esa hukumat nazorati ostidagi hisobda muzlatilishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 26 fevral kuni Roman Abramovich klub boshqaruvini “Chelsi” xayriya jamg‘armasi Vasiylik kengashiga topshirgan edi. 2 mart kuni esa Abramovich klubni sotish niyatida ekanligini ma’lum qildi. 10 mart kuni Buyuk Britaniya hukumati Abramovichga qarshi sanksiyalar kiritdi. Natijada, rossiyalik tadbirkorning Britaniyadagi aktivlari hamda “Chelsi” futbol klubiga nisbatan cheklovlar joriy qilindi.
Ma’lumot o‘rnida, Abramovich qariyb 20 yildan beri “Chelsi”ga egalik qilardi. Rossiyalik milliarder klubni 2003 yilda taxminan 190 million dollarga sotib olgan. 2021 yilda Amerikaning “Forbes” jurnali uning qiymatini 3,2 milliard dollarga baholagan – u dunyoning eng qimmat futbol klublari ro‘yxatida yettinchi o‘rinni egallagan. O‘tgan yillar davomida rossiyalik milliarderning tuzilmalari “Chelsi”ga umumiy qiymati 2 milliard dollar miqdorida kreditlar ajratgan.
Ma’ruf Abdumalikov
LiveBarchasi