Rasman: qozoq xalqining urf-odati endi jinoyatga tenglashtirildi

Olam

image

Qozog‘istonda bugun, 16 sentyabrdan boshlab turmushga chiqishga majburlaganlik uchun jinoiy javobgarlik to‘g‘risidagi qonun kuchga kirdi. Bu haqda mamlakat Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, Qozog‘istonda fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini himoya qilishni kuchaytirishga qaratilgan qonunchilikka kiritilgan o‘zgartirishlar kuchga kirishni boshlagan. Xususan, turmushga majburlash va kiberjinoyat uchun jazo choralarini nazarda tutuvchi Jinoyat kodeksi moddalari amalda kuchga kirgan.

“Ushbu harakat (“Nikohga majburlash”, JK 125-1-modda) endi jinoyat deb topiladi. Turmushga majburlaganlik uchun jarima, axloq tuzatish yoki jamoat ishlari, ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum etish shaklida jazo belgilangan. Xususan, ma’lum miqdorda jarima va ikki yilgacha ozodlikdan mahrum etishgacha. Agar harakatlar ehtiyotsizlik tufayli og‘ir oqibatlarga olib kelgan bo‘lsa, besh yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum etish belgilanishi mumkin”, deyiladi xabarda.

Shu bilan birga, Jinoyat kodeksining 125-moddasidagi izohni chiqarib tashlash muhim o‘zgartirishlardan biri bo‘lgan. Unga ko‘ra, oldin agar shaxs majburlab o‘g‘irlangan odamni ixtiyoriy ravishda ozod qilgan bo‘lsa, u jinoiy javobgarligidan ozod qilinishi mumkin edi. Endi bunday imkoniyat yo‘q. Hatto o‘g‘irlangan shaxsni ixtiyoriy ozod qilgan taqdirda ham aybdor qonun doirasida javobgarlikka tortiladi.

“Ushbu o‘zgartirishlar zo‘ravonlik asosidagi nikohlarni oldini olish va eng zaif toifadagi fuqarolar, avvalo ayollar va o‘spirinlarni himoya qilishga qaratilgan”, deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, bugundan Qozog‘istonda kiberjinoyat va moliyaviy firibgarlik uchun ham jinoiy javobgarlik joriy etildi. IIV ma’lumotlariga ko‘ra, kiberjinoyat va moliyaviy firibgarlik – bu bank hisobiga, to‘lov vositasiga yoki identifikatsion vositaga noqonuniy kirish huquqini ta’minlash, o‘tkazish yoki olish, noqonuniy to‘lovlar va (yoki) pul o‘tkazmalarini amalga oshirish, jumladan, uchinchi shaxslar manfaatlari uchun moddiy mukofot evaziga bajariladigan amallarni anglatadi.

“Ushbu hodisa internet firibgarlik sxemalarining asosiy elementlaridan biri bo‘lib, o‘g‘irlangan mablag‘larni naqdlashtirish va chetga chiqarishda ishlatiladi”, deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, Qozog‘istonda kelin o‘g‘irlash (qiz o‘g‘irlash) qadimdan mavjud bo‘lgan urf-odatlardan biri hisoblanadi. Bunda yigit va uning qarindoshlari yoki do‘stlari kelishilgan yoki ba’zan kelishilmagan holda bo‘lajak kelinni olib qochadi.

Bu urfning ikki xil ko‘rinishi bor. Xususan, kelishilgan (rozilik asosida) o‘g‘irlash – qiz va yigit bir-birini sevib qolganida, ota-onasining qarshiligi yoki boshqa to‘siqlar sababli “o‘g‘irlash” shaklida nikoh quriladi. Bunday holatlarda ko‘proq ramziy ma’no bo‘lib, keyinchalik tomonlar kelishib, to‘y o‘tkaziladi.

Kelishilmagan (zo‘rlik asosida) o‘g‘irlash – qizning roziligisiz olib qochish. Bu shakl zo‘ravonlik va majburiy nikoh hisoblanadi. Shuning uchun, so‘nggi yillarda Qozog‘iston hukumati va huquq tashkilotlari qizlarni majburan o‘g‘irlashga qarshi kurashni kuchaytirgan. Ommaviy axborot vositalari, faollar va xalqaro tashkilotlar bu urfni inson huquqlariga zid deb baholamoqda. Shunga qaramay, ba’zi chekka hududlarda, ayniqsa, qishloqlarda bu odat hanuz uchrab turadi. Qozog‘istonlik mutaxassislarning aytishicha, “kelin o‘g‘irlash”ning aslida qadimiy ildizlari bor bo‘lsa-da, bugungi kunda uni davom ettirish mumkin emas.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev ushbu o‘zgarishlarni nazarda tutuvchi “Qozog‘iston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga Qozog‘iston Respublikasi jinoyat qonunchiligini optimallashtirish masalalari bo‘yicha o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni imzolagani haqida xabar berilgan edi. Qonun bilan Jinoyat, Jinoyat-protsessual, Jinoyat-ijroiya kodeksi, “Nikoh va oila to‘g‘risida”gi kodekslarga, “Tezkor-qidiruv faoliyati to‘g‘risida”, “To‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risida”gi va boshqa qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston kelin o'g'irlash Nikohga majburlash

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing