Rasman: Qozog‘iston un va bug‘doy eksportiga cheklov o‘rnatdi
Olam
−
11 aprel 2022
19452Joriy yilning 15 aprelidan Qozog‘istonda g‘alla va un eksportiga cheklov joriy etiladi. Qishloq xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Aydarbek Saparovning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda mavjud bo‘lgan don va un miqdori ichki ehtiyojni qondirish uchun yetarli. Bu haqda “Tengrinews” yozmoqda.
Saparovning so‘zlariga ko‘ra, ichki bozordagi kamomadni bartaraf etish maqsadida un va bug‘doy eksporti uchun kvotalar joriy qilingan.
“2022 yil 1 aprelda Tashqi savdo siyosati va xalqaro iqtisodiy tashkilotlarda ishtirok etish bo‘yicha idoralararo komissiya 15 apreldan 15 iyungacha bug‘doy va un eksporti uchun kvotalar joriy etish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bug‘doy kvotasi hajmi 1 mln tonna, un uchun - 300 ming tonna”, deydi Saparov.
Qayd etilishicha, ayni vaqtda vazirlik Milliy statistika byurosi va mahalliy ijro hokimiyati organlari bilan birgalikda hududlardagi bug‘doy zaxiralarini inventarizatsiya qilish ustida ishlamoqda.
“7 aprel holatiga ko‘ra, un zaxiralari 118 ming tonnani tashkil etadi, shundan 10 ming tonnasi barqarorlashtirish fondi, 22 ming tonnasi “qayta tiklash sxemasi” doirasida, 48 ming tonnasi ishlab chiqaruvchilarda, 20 ming tonnaga yaqini omborxonalarda va 18 ming tonna - savdo ob’ektlarida. Ko‘rsatilgan hajm ichki talabni to‘liq qondirishga yetadi. Shu bilan birga, Oziq-ovqat korporatsiyasining resurslarida 800 ming tonnadan ortiq g‘alla mavjud bo‘lib, zarur hollarda vaziyatni barqarorlashtirish maqsadida ichki bozorga yo‘nalitiriladi”, deydi Saparov.
Qozog‘istonda g‘alla va dukkakli ekinlarning yalpi hosili 2020 yildagi 20,06 million tonnaga nisbatan 2021 yilda 16,4 million tonnani tashkil etdi (18,2 foizga kamaygan). Bu pasayish mamlakatning bir qator hududlaridagi qurg‘oqchilik bilan bog‘liq. Shuningdek, Qozog‘iston Qishloq xo‘jaligi vazirligi 2021-2022 qishloq xo‘jaligi yili uchun g‘alla eksporti prognozini oshirgani, respublika 7-7,3 million tonnaga yaqin don eksport qilmoqchi ekanligi ma’lum qilingan.
O‘zbekistonga yanvar oyida 26,8 ming tonna bug‘doy uni import qilingan
O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilning yanvar oyida O‘zbekistonga qiymati 8,5 mln AQSH dollariga teng bo‘lgan 26,8 ming tonna bug‘doy uni import qilingan.
Bug‘doy uni importi hajmi o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda 2,9 ming tonnaga oshgan.
2022 yilning yanvar oyida O‘zbekistonga eng ko‘p bug‘doy uni import qilingan davlatlar:
• Qozog‘iston – 26,6 ming tonna;
• Rossiya – 152 tonna;
• AQSH – 50 tonna;
• Italiya – 4,2 tonna.
LiveBarchasi