Rasman: Bugun Turkmaniston Turkiy Kengashda kuzatuvchi maqomini oladi

Olam

image

Avval xabar berilganidek, bugun, 12 noyabr kuni Istanbul shahrida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining navbatdagi sammiti bo‘lib o‘tadi. Unda Turkmaniston Kengashda kuzatuvchi maqomini oladi. 

Kengashga a’zo mamlakatlar rahbarlari sammitida ishtirok etish uchun Prezident Gurbanguli Berdimuhamedov ham Turkiyaga yetib keldi. 

Sammit "Raqamli asrda yashil texnologiyalar va aqlli shaharlar" mavzusida Istanbuldagi Demokratiya va erkinlik orolida bo‘lib o‘tadi. 

Sammitda tashkilotning bugungi faoliyati va kelajagi, jumladan Turkiy kengash nomini Turkiy davlatlar tashkilotiga o‘zgartirish va kelasi 20 yilga mo‘ljallangan istiqbol hujjatini qabul qilish rejalashtirilgan. 

Raislik Ozarbayjondan Turkiyaga o‘tayotgan sammitda xavfsizlik, siyosat, iqtisod, tovar ayirboshlash, madaniy va ijtimoiy sohalardagi hamkorlikni kuchaytirish masalalari muhokama qilinadi. 

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga 2019 yilning sentyabr oyida a’zo bo‘ldi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 2019 yilning oktyabr oyida Bakuda bo‘lib o‘tgan sammitda ishtirok etdi. 

Markaziy Osiyo mintaqasida hal qiluvchi kuchga ega bo‘lgan O‘zbekistonning Kengashga a’zo bo‘lishi ortidan tashkilotning mavqei ham, imkoniyatlari ham ortdi. O‘z o‘rnida ushbu hamkorlik O‘zbekistonga ham foydali bo‘lib bormoqda. Buni birgina 2018–2021 yillarda O‘zbekistonning Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Turkmaniston va Vengriya bilan tovar ayirboshlash hajmi oshib borayotganida ham ko‘rish mumkin. 

2018 yilda O‘zbekistonning yuqoridagi 6 mamlakat bilan tovar ayirboshlash hajmi 5 milliard 957 million dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2019 yilda bu raqamlari 7 milliard 353 milliongacha ko‘tarildi. Pandemiya o‘zaro tovar ayirboshlashga ancha zarba yetkazgan bo‘lsa ham 2020 yildagi ayirboshlangan tovarlarning umumiy qiymati 6 milliard 740 million 70 ming dollarga yetgan.

2021 yilning o‘tgan 9 oyi davomida esa 6 mamlakat bilan tovar ayirboshlash hajmi 6 milliard 567 million AQSH dollarini tashkil etmoqda. Yil yakunigacha ushbu raqamlar 8 milliardga yetishi ehtimoli yuqori.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

39

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing