Rasman: Akmal Burhonov yangi lavozimga tayinlandi
Jamiyat
−
15 iyul 2020
8950“Yuksalish” umummilliy harakati raisi Akmal Burhonov rasman yangi tashkil etilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori lavozimiga tayinlandi.
Akmal Eshondedayevich Burhonov O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori lavozimiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 14 iyuldagi farmoni hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qarori bilan tasdiqlandi.
Akmal Burhonov 2019 yilning yanvar oyidan “Yuksalish” umummilliy harakatiga raislik qilib kelayotgan edi. 2017—2019 yillarda esa “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori bo‘lib ishlagan. U tashabbuskor, qat’iyatli, keng dunyoqarashga ega rahbar. “Taraqqiyot strategiyasi” markazi hamda “Yuksalish” UMH tashkil topishida bosh-qosh bo‘lgan. Ushbu tashkilotlar faoliyati yo‘lga qo‘yilishida salmoqli hissa qo‘shgan.
2015–2018 yillarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi a’zosi, 2018 yildan esa Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasi a’zosi bo‘lgan.
2002—2007 yillarda Adliya vazirligida turli lavozimlarda ishlagan. 2009—2015 yillarda Nagoya universitetining O‘zbekistondagi vakolatxonasi ijrochi direktori bo‘lgan. 2012—2016 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida o‘qituvchilik qilgan.
Akmal Burhonov mutaxassisligi bo‘yicha — huquqshunos. U 2001 yilda Toshkent davlat yuridik universitetini (bakalavr), 2003 yilda esa ushbu universitetning magistratura bosqichini tamomlagan. 2007 yilda Yaponiyaning Nagoya davlat universitetida (magistratura) ta’lim olgan, 2007 yildan — Nagoya davlat universiteti doktoranti.
Eslatib o‘tamiz, Prezidentning 2020 yil 29 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi.
Prezidentning 2020 yil 29 iyundagi Qaroriga muvofiq, Agentlik direktori maqomi, mehnatga haq to‘lash shartlari, tibbiy va transport xizmati ko‘rsatish sharoitlari bo‘yicha vazirga tenglashtiriladi.
LiveBarchasi