Ramosning “Sevilya” bo‘yicha savdosi barbod bo‘ldi

Sport

image
Ispaniya terma jamoasining sobiq himoyachisi Serxio Ramos boshchiligidagi investorlar guruhining “Sevilya” futbol klubini sotish bo‘yicha muzokaralari barbod bo‘ldi. Bu haqda EFE agentligiga tayanib, COPE nashri xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, investorlar dastlab “Sevilya”ning 80 mingta aksiyasini sotib olishni rejalashtirgan edi. Kelishuv qiymati klubning taxminan 90 million yevroga teng sof qarzini hisobga olmagan holda, 450 million yevro atrofida baholangan.

Biroq uchrashuv davomida xaridorlar avvalgi taklifini bekor qilib, yangi shartlarni ilgari surgan. Unga ko‘ra, ular klub aksiyalarining atigi 30 mingtasini sotib olish va keyinchalik kapitalni oshirish jarayonida mustaqil ishtirok etishni taklif qilgan.

Shu tariqa, real investitsiya hajmi taxminan 100 million yevrogacha qisqartirilgan. Aksiyadorlar fikricha, ushbu sxema Serxio Ramosga klub ustidan “minimal xarajatlar bilan” nazorat o‘rnatish imkonini beradi.

“Sevilya”ning amaldagi egalari esa yangi shartlarni qabul qilib bo‘lmaydigan deb baholagan va potensial xaridorlarni “nafaqat moliyaviy, balki to‘lov qobiliyati jihatidan ham ishonchsiz” deb atagan. Natijada besh oy davom etgan muzokaralar to‘liq muvaffaqiyatsiz yakunlangan.

Klub rahbariyati boshqa xarid takliflari paydo bo‘lishi mumkinligini inobatga olgan holda keyingi mavsumga tayyorgarlikni boshlashni rejalashtirmoqda.

Ma’lumot uchun, 40 yoshli Serxio Ramos “Sevilya” akademiyasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. U klub safida 2004–2005 va 2023–2024 yillarda faoliyat yuritgan. “Real Madrid” bilan besh karra Ispaniya chempioni va to‘rt karra Chempionlar ligasi g‘olibi bo‘lgan. Shuningdek, PSJ safida ikki marta Fransiya chempioniga aylangan. Ramos Ispaniya terma jamoasi bilan 2010 yilda jahon chempioni, 2008 va 2012 yillarda esa Yevropa chempioni bo‘lgan

Maqola muallifi

Teglar

Serxio Ramos Ispaniya “Sevil'ya”

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing