Rametovlar boshiga tushgan qo‘shaloq dard. Saida Rametova sog‘aydimi?

Madaniyat-san’at

image
0:00
0:00
download

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Jumadulla Rametov alsgeymer kasalligiga chalinganligi haqida xabar bergan edik. Ma’lumki, bundan bir necha oy avval Jumadulla Rametovning rafiqasi – O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Saida Rametova ham og‘ir xastalikka chalingan edi. Unga saraton tashxisi qo‘yilgandi. 

Ayni vaqtda o‘zbek kino va teatr san’atining bir juft zabardast aktyorlari, qolaversa, bir oila a’zolari ketma-ket og‘ir kasallikka chalingani muxlislar orasida xavotirlarni uyg‘otmoqda. Tahririyatimizga Saida Rametovaning bugungi ahvoli haqida ma’lumot berishimizni so‘rab murojaat qilganlar ham ko‘p bo‘ldi. Shu bois QALAMPIR.UZ muxbiri O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Saida Rametova bilan telefon orqali bog‘lanib, uning salomatligi bilan qiziqdi. 

“Jumadulla aka bu kasallikka chalinganiga ikki yil bo‘ldi. Shifokorlarga qancha ko‘rsatib, dori-darmonini qilsak-da, bu kasallik borgan sari avj olyapti. Bu kasallikda odam yosh boladek bo‘lib qolar ekan, juda og‘ir. Bu ham Allohning sinovlari, mo‘’jiza ro‘y berib yaxshi bo‘lib ketishlari hech gap emas. Ko‘pchilikning duosi ijobat bo‘ladi. O‘zim ham ko‘pchilikning duosi bilan shunday og‘ir kasallik bilan yuribman. Operatsiyani boshdan kechirganimga ham bir yil bo‘ldi, har uch oyda ko‘rikdan o‘tib turaman. Yaqinda tekshirtirishga borganimda, analizlarim yaxshi chiqdi”, deydi Saida Rametova

Aktrisa so‘zida davom etar ekan, shifokorlar unga kasal ekanligini unutishi kerakligini aytishganini esladi, qolaversa ko‘pchilikning duosidan umidvor ekanligini aytdi.

“Shifokorlarimga minnatdorlik bildiraman. Ular “mana shu zaylda davom ettiring, xafa bo‘lmang, pozitiv yashab kasalligingizni unuting, ishlab, o‘ynab-kulib yashang”, deyishdi. Allohning marhamati bilan hozir sog‘lig‘im joyida. Bu dunyo sinovli dunyo ekan, sinovlardan eson-omon o‘tib olaylik. Ko‘pchilikning duosi bilan Yaratgan Jumadulla akamga ham shifo bersin”, deydi Rametova.

Ayni vaqtda Turkiyaning Istanbul shahrida “Mendirman Jaloliddin” serialining ikkinchi mavsumi suratga olish ishlari boshlangan. Ma’lumki, Saida Rametova ushbu serialning birinchi mavsumida rol ijro etgan edi. Uning saratonga chalingani ham aynan Turkiyada aniq bo‘lgandi. Xo‘sh, Rametova serialning galdagi mavsumida ham suratga tushadimi? 

“Vazirimiz Ozodbek Nazarbekov meni ikkinchi mavsumga ham taklif etdilar. Hozir u yerda Chingizxon va Jaloliddin o‘rtasidagi jang sahnalari suratga olinayotgan ekan. Menga siz suratga tushadigan sahnalar ikki oydan keyin boshlanadi deyishdi. Turkiyaga borish-bormasligim o‘zim va Jumadulla akamning sog‘lig‘iga bog‘liq. Agar hammasi yaxshi, tinchlik, xotirjamlik bo‘lsa, sog‘lig‘im yaxshi bo‘lsa, albatta boraman. O‘zimning orzu-niyatim – ikkinchi mavsumda suratga tushish. Sababi birinchi mavsumda men suratga tushadigan sahnalar yarmidan chala qolgan edi. Faqat endi hammasi sog‘lig‘imga bog‘liq”, deydi Rametova. 

Suhbat yakunida Saida Rametova ularning sog‘liga befarq bo‘lmayotgan barchaga minnatdorchilik bildirdi: 

“Biz muxlislarimizni oilaviy yaxshi ko‘ramiz, hech qachon ularni xafa qilmaganmiz. Hamisha yaxshi kunlarida xizmatda bo‘lganmiz. Bizni duo qilayotganlarga Alloh mukofotlar yog‘dirsin. Yaqinlashib kelayotgan yoshlar kuni bilan yoshlarimizni ham alohida tabriklayman. Kelajagimiz shu yoshlar qo‘lida. Yigit-qizlarimiz o‘qishsin, ilmli, bilimli bo‘lishsin, Hammalariga omad va baxt tilayman”.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

1719

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing