Ramazon ro‘zasini qasddan buzsa, qanday kafforat to‘lashga to‘g‘ri keladi?

Foydali

image

Ramazon ro‘zasi shom vaqtiga qadar tutiladi. Undan oldin og‘iz ochish mumkin emas. Agar qasddan ochilsa, buning uchun kafforat to‘lashga to‘g‘ri keladi. O‘zbekiston musulmonlari idorasi  fatvo hay’ati bu haqda ma’lumot berdi.  

“Bismillahir Rohmanir Rohim. Ro‘zador qasddan, ya’ni ro‘za tutgani esida bo‘la turib ovqat yesa, suv ichsa yoki jinsiy aloqa qilsa, ro‘zasi buziladi. Bu holatda ham qazo, ya’ni buzgan ro‘zasini tutishi, ham kafforat vojib bo‘ladi. 

Ro‘zaning kafforati quyidagilardan iborat: 

- Bir qul ozod qilish. 
- Agar bunga qodir bo‘lmasa ketma-ket ikki oy ro‘za tutish. 

Bunda bir kun qazosidan tashqari ikki oy hisoblanadi. Hozirgi kunda quldorlik yo‘qligi sababli qul ozod qilishga qodir bo‘lmaslik tabiiydir. Ushbu oltmish kun ketma-ket tutiladigan ro‘za shariatda ro‘za tutish mumkin bo‘lmagan kunlar ya’ni, Ramazon va Qurbon hayiti kunlari va Qurbon hayiti kunidan keyin uch kun, jami besh kunga to‘g‘ri kelib qolmasligi kerak.  

Bunga ham imkoniyati bo‘lmasa, oltmish nafar faqir kishiga fidya miqdoricha taom beradi yoki taomning qiymatini beradi. Bir faqir kishiga oltmish kun taom bersa ham bo‘ladi. Ammo bir faqirga oltmish kunlik taomni bir kunda bersa joiz bo‘lmaydi. 

“Raddul muhtor” kitobida shunday deyiladi: “Kim ikki jinsiy yo‘lning biriga qasddan yaqinlik qilsa, ozuqa yoki davo bo‘ladigan narsani yesa yohud ichsa uning zimmasiga qazo va kafforot lozim bo‘ladi. Unda,  avvalo, bir qul ozod qiladi. Topolmasa, ikki oy ketma-ket ro‘za tutib beradi. Unga ham qodir bo‘lmasa, oltmish miskinni to‘ydiradi".

Zimmasiga kafforat lozim bo‘lgan kishi ro‘za tutishga qodir bo‘la turib, taomlantirish yo‘li bilan kafforatni ado qilmoqchi bo‘lsa, kafforat ado bo‘lmaydi. Chunki tartib buzilgan bo‘ladi. 

Kafforat ro‘zasini tutayotgan ayol orada hayz ko‘rib qolsa, kafforatni qaytadan boshlamaydi, balki uzri ketgach davom ettiradi. Nifos qonini ko‘rsa, kafforatni qaytadan boshlaydi. Chunki nifos qoni bu masalada uzr hisoblanmaydi (“Raddul muhtor”).

Kafforat ro‘zasini tutayotgan kishi oltmish kun ichida biror kunni qoldirsa kafforat buziladi va ro‘za tutishni boshidan boshlaydi.

“Fatavoi Hindiya” kitobida shunday ma’lumot keladi: Ramazonning qazosi va kafforatini tutayotgan kishi subhi sodiq kirmasidan avval mana shu ro‘zalarni tutishni niyat qilishlari shart. Agar niyat qilolmay subhi sodiqdan keyin niyat qilsa, niyati e’tiborli bo‘lmaydi. Shuning uchun saharlikka turolmay qolishidan qo‘rqqan kishi quyosh botganidan keyin ertangi kunning qazo yoki kafforat ro‘zasini tutishni niyat qildim, desa kifoya qiladi".

Ta’kidlanishicha, Ramazon ro‘zasidan boshqa ro‘zalarni buzishda kafforat yo‘q.


Maqola muallifi

Teglar

Ramazon

Baholaganlar

609

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing