Raqobat qo‘mitasi yana bir korxonani jarimaga tortdi
3-sahifa
−
22 avgust
3203Birja savdolarida yuqori likvidli va monopol turdagi mahsulotlarning sotilishida qonunga zid harakatlar aniqlangan “Amudaryotex” MCHJ XKga jarima qo‘llandi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan “Amudaryotex” MCHJ XKning 2024 yilning yanvar-iyun oylaridagi faoliyatida “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonun hujjatlari talablariga rioya etilishi yuzasidan o‘rganish ishlari o‘tkazilgan.
Olib borilgan o‘rganishlar natijasida “Amudaryotex” MCHJ XK tomonidan 2024 yil I yarmida texnik chigit, paxta tolasi va momiq mahsulotlarini tasdiqlangan jadval asosida birja savdolariga qo‘ymasdan, to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma asosida sotish orqali 900 mln so‘mga yaqin asossiz mablag‘lar olinganlik holatlari aniqlangan.
Yuqoridagilarga ko‘ra, qo‘mita Maxsus komissiyasi tomonidan “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning 29-moddasi hamda Vazirlar Mahkamasining 225-sonli nizom talablarini buzish alomatlari bilan “Amudaryotex” MCHJ XKga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, natijasi bo‘yicha belgilangan tartibda moliyaviy jarima qo‘llash yuzasidan qaror qabul qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJ va “Shahar atrofida yo‘lovchi tashish” MCHJ ga nisbatan qonunbuzilish holatlari yuzasidan moliyaviy jarima qo‘llanilgandi.