Rahmatulloh Sayfuddinov imomlikka qaytdi
Jamiyat
−
16 mart 2023
273482022 yilning yanvarigacha Toshkent shahar bosh imom-xatibi lavozimida ishlab kelgan va o‘z xohishi bilan sog‘ligidagi muammolar sabab lavozimini tark etgan Rahmatulloh domla Sayfuddinov yana imomlikka qaytdi. Bu haqda QALAMPIR.UZ manbasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Sayfuddinov endilikda “Minor” masjidi imomi o‘laroq faoliyatini davom ettiradi. Ushbu masjidda imom-xatib bo‘lib ishlab kelayotgan Toshkent bosh imom-xatibi Abduqahhor Yunusov esa “Shayx Zayniddin” (Ko‘kcha) masjidiga imom-xatib etib tayinlangan. Musulmonlar idorasi Toshkent shahar vakilligi ham “Shayx Zayniddin” masjidiga ko‘chirilgan.
Tayinlov haqidagi buyruq kecha, 15 mart kuni chiqarilgan.
Joriy yil yanvar oyi boshida Rahmatulloh domla Sayfuddinov o‘z arizasiga binoan Toshkent shahar bosh imom-xatibi vazifasidan ozod etilgan. “Abu Saxiy” jome masjidi imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov shahar bosh imom-xatibi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. Sayfuddinov esa o‘sha oyning o‘zida davolanish uchun Dubay orqali Germaniyaga jo‘nab ketgan edi.
Ma’lumot uchun, Rahmatulloh domla Sayfuddinov 1975 yil 18 mayda Surxondaryo viloyati Muzrabot tumanida tug‘ilgan. 1992-1995 yillarda o‘rta maktabni tugatgach, Buxoro shahridagi Mir Arab madrasasida tahsil oldi. 1995-1997 yillarda talabalik davrida Toshkent shahri Shayxontohur tumanidagi “Oq tunikali” jome masjidida imom-xatiblik qilgan.
2001-2003 yillarda Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida dars bergan. 2003 yilda Eronda o‘tkazilgan XIX Xalqaro Qur’on musobaqasida ishtirok etgan.
U faoliyati davomida Toshkent shahridagi “Xo‘ja Alambardor”, “Minor” jome masjidlarida imom-xatib, yangi tayinlanishgacha esa Yunusobod tumani bosh imom-xatibi va Yunusobod tumani "Mirza Yusuf" masjidi imom-xatibi lavozimlarida ishlagan.
LiveBarchasi