Reper P.Diddi AQSH rasmiylarini sudga berdi
Madaniyat-san’at
−
11 Oktabr
6182P.Diddi nomi bilan tanilgan amerikalik reper Shon Kombs AQSH federal agentliklari prokurorlari va xodimlari ustidan sudga murojaat qildi. Bu haqda “The New York Times” xabar berdi.
Gazetaning yozishicha, musiqachining advokatlari huquq-tartibot idoralari xodimlarini, xususan, Ichki xavfsizlik xizmati xodimlarini 2016 yilda reper o‘zining sobiq sevgilisi Kassandra Venturani kaltaklagani aks etgan videoni CNN telekanaliga sizdirganlikda ayblamoqda.
Qayd etilishicha, Kombsning advokatlari CNN tomonidan 2024 yil bahorida namoyish qilingan kadrlar artistning jinoiy ishidagi asosiy dalil ekanligini ta’kidlamoqda.
“Himoyachining da’vosida AQSHning jinoiy protsessual qonunchiligida prokurorlar yoki federal xodimlarga hakamlar hay’ati tomonidan ko‘rib chiqilayotgan ma’lumotlarni oshkor qilishni taqiqlash nazarda tutilganiga ishora qilingan”, deb xabar beradi NYT.
Musiqachining advokatlariga ko‘ra, ma’lumotlar oshkor etilishi “zararli va o‘ta noto‘g‘ri oshkoralikka olib kelgan, bu esa hakamlar hay’atiga ta’sir qilishi va Kombsni adolatli sud muhokamasi huquqidan mahrum qilishi mumkin”. Prokurorlar hozircha himoyachining bayonotiga javob bermagan.
Da’vo bilan bir qatorda himoyachi sudga musiqachini 2025 yilning bahorida sudga kelishini so‘rab xat taqdim etgan.
“Janob Kombs o‘zining tezkor sud jarayoniga bo‘lgan huquqini himoya qilishda davom etmoqda va sud majlisi sanasini belgilash uchun ariza berish niyatida”, deydi advokatlar.
Ma’lumot uchun, 18 sentyabr kuni musiqa prodyuseri va reper Shon Kombsga “yirik jinoiy korxona” tashkil etish, odam savdosi va boshqa bir qator jinoyatlarda ayblov qo‘yildi. 2 oktyabr kuni 120 kishi reper ustidan sudga da’vo arizasi berishni rejalashtirayotgani ma’lum bo‘ldi. Ular jinsiy zo‘ravonlik va ekspluatatsiya qilinganini da’vo qilmoqda va da’vogarlarning 25 nafari o‘sha paytda voyaga etmagan bo‘lgan. P.Diddi esa o‘z aybini rad etib kelmoqda.
LiveBarchasi