QALAMPIR.UZ taklifi amalda! O‘zbekistonda jurnalistlar uchun milliy guvohnoma joriy etiladi

Jamiyat

image

Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 2 fevral kuni “Axborot sohasi va ommaviy kommunikatsiyalarni yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmon hamda “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorni imzolagan edi.
 
Prezident qarori bilan 2019-2020 yillarda O‘zbekistonda axborot sohasini rivojlantirish bo‘yicha dastur tasdiqlandi, deb yozmoqda O‘zA.
 
Dasturga ko‘ra, 2019 yil 1 iyungacha yangi tashkil etilgan Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi quyidagi takliflarni ishlab chiqishi kerak:
 
- jurnalist maqomini oshirish;
 
- media jamiyatda o‘zini o‘zi boshqarish mexanizmlarini shakllantirish;
 
- jurnalistning umume’tirof etilgan milliy guvohnomasini joriy etish.​​
 
Eslatib o‘tamiz, QALAMPIR.UZ rahbari Qamariddin Shayxov 2018 yilning 29 noyabr kuni e’lon qilgan “Allamjonov bilan o‘zbek matbuotida nima o‘zgaradi?” nomli maqolasida mamlakatda qonuniy jihatdan jurnalistlarning maqomini belgilash va ularga guvohnoma berish haqida shunday taklif bildirgan edi:
 
“Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 3-moddasida “Jurnalist – O‘zbekiston Respublikasining yoki xorijiy davlatning ommaviy axborot vositalarida xizmat qiladigan yoxud ularda shartnoma asosida ishlaydigan va ma’lum mavzudagi axborotni to‘plash, tahlil etish hamda tarqatish bilan shug‘ullanuvchi shaxsdir”, deya juda noto‘g‘ri va qo‘pol izoh berilgan. Bundan kelib chiqadigan bo‘lsak, OAVda faoliyat olib borib, boshqa nashrlarda e’lon qilingan materiallarga  kichik o‘zgartirish kiritib, tarqatayotganlar ham o‘zini jurnalist deyishga to‘la haqli.
 
Ayni davrda esa sayt ochib, jurnalistik faoliyatni olib borish, istagan mavzuda maqola yoki xabar tarqatish oson bo‘lib qoldi. Albatta, bu rivojlanishdan darak. Biroq, OAV, xususan internet-nashrlarga bo‘lgan ishonchga putur yetishiga ayni jurnalistning maqomi to‘g‘ri belgilab berilmagani katta ta’sir ko‘rsatmoqda. Kechagina maktabni bitirib, bugun u yo bu yo‘nalishda qalam tebratayotgan, OAVda bir-ikki maqolasi chop etilganlarni ko‘p yillik tajribali jurnalistlar bilan tenglashtirish qanchalik to‘g‘ri? Shularni inobatga olib, qolaversa, xorijiy mamlakatlar tajribasidan kelib chiqqan holda, qonunda jurnalistga to‘g‘ri va haqli ta’rif berish, O‘zbekistonda jurnalistlar ro‘yxatini shakllantirish, ularning bazasini yaratish lozim.
 
Jurnalistning har biri O‘zMAAdan maxsus guvohnoma olishi kerak. Bu guvohnoma jurnalistlar faoliyatini cheklashi yoki ayrim yo‘nalishlarda taqiqlashi emas, balki yangi imkoniyatlar eshigini ochishi, sayt blogerlari va ijtimoiy tarmoqlarda axborot tarqatib o‘zini jurnalist sanayotganlardan farqli o‘laroq qo‘shimcha imtiyozlarga ega bo‘lishi kerak. “O‘zbekiston havo yo‘llari”, “O‘zbekiston temir yo‘llari”, shifoxonalar xizmatlaridan foydalanishda, muzey, teatr va kinosaroylariga kirishda chegirmalar belgilanishi  lozim”. 


Maqola muallifi

Teglar

O'zMAA KomiljonAllamjonov

Baholaganlar

3

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing