Jurnalistlarning umume’tirof etilgan milliy guvohnomasi qanday bo‘lishi ma’lum qilindi

Jamiyat

image

Biroz avval, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorga muvofiq 2019-2020 yillarda O‘zbekistonda axborot sohasini rivojlantirish bo‘yicha dastur tasdiqlangani, unga ko‘ra, jurnalistning umume’tirof etilgan milliy guvohnomasini joriy etilishi haqida xabar bergan edik.
 
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Komiljon Allamjonov jurnalistlarning umume’tirof etilgan milliy guvohnomasi joriy etilishini tasdiqladi. Bu haqda u ijtimoiy tarmoqlardagi shaxsiy sahifasida yozib qoldirdi.
 
Ma’lum qilinishicha, 2019 yil 1 iyunga qadar O‘zbekiston Respublikasi jurnalistining umume’tirof etilgan milliy guvohnomasini joriy etish bo‘yicha me’yoriy-huquqiy hujjatlarni qabul qilish rejalanmoqda. Unga ko‘ra, ushbu guvohnoma Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining gologramma muhri bilan tasdiqlangan ID karta ko‘rinishida bo‘lib, unda guvohnoma egasi haqida ma’lumot, fotosurat, himoyalangan shaxsiy shtrix-kod mavjud bo‘ladi.
 
Milliy guvohnoma Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan akkreditatsiyadan o‘tkazilgan jurnalistlarga bepul taqdim etiladi. Guvohnoma jurnalistning haqiqatan professional kasb egasi ekanligini tasdiqlovchi hujjat hisoblanadi.
 
Mazkur guvohnoma jurnalistlarga kasbi yuzasidan vazirliklar va boshqa davlat idoralariga, jamoatchilik va madaniy joylarga (ko‘rgazma, teatr, kinoteatr, muzey, konsert, ko‘ngilochar va dam olish hududlari, sport musobaqalari va boshqa ommaviy tadbirlar) to‘siqlarsiz kirish, axborot olish, materiallarni tayyorlash va tarqatishda hamkorlik qilish, shuningdek, vazirliklar va boshqa xalqaro tashkilotlar hamda idoralarning ichki tadbirlarida ishtirok etish imkonini beradi.
 
Eslatib o‘tamiz, bundan bir necha oy avval QALAMPIR.UZ O‘zbekistonda jurnalistlar uchun alohida vakolatlar beruvchi maxsus guvohnoma ishlab chiqish taklifini bildirgan edi. 


Maqola muallifi

Teglar

KomiljonAllamjonov Axborotvaommaviykommunikatsiyalaragentligi

Baholaganlar

0

Reyting

2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing