QALAMPIR.UZ Ozarbayjonning eng katta nashri bilan memorandum imzoladi
Jamiyat
−
01 aprel 2019
5037Ozarbayjonning Baku shahrida QALAMPIR.UZ internet nashri va Ozarbayjonning “KASPI” gazetasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Memorandumni imzolash tashabbusi O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi madaniyat markazi tomonidan bildirildi.
Hujjatni imzolash marosimida QALAMPIR.UZ internet nashri ta’sischisi Qamariddin Shayxov hamda “KASPI” gazetasi ta’sischisi Sona Valiyeva ishtirok etdi.
“KASPI” gazetasi nafaqat Ozarbayjonda, balki butun MDHda katta shuhrat qozongan. U 135 yillik tarixga ega.
Memorandumga ko‘ra, tomonlar xabarlaridan muntazam ravishda foydalanib, tajriba almashib boradilar.
“Bugunga qadar o‘zbekistonlik jurnalistlar, ommaviy axborot vositalari doimiy ravishda Ozarbayjondagi xabarlarni e’lon qilib bordilar. Bugun imzolagan hujjat ramziy ma’no kasb etadi, xolos. Bizning haqiqiy imzo esa bizning qardoshligimiz bilan yuragimizga chekilgan”, deydi QALAMPIR.UZ internet nashri rahbari Qamariddin Shayxov.
Memorandumni imzolash marosimida “KASPI” gazetasi ta’sischisi, filologiya va falsafa fanlari doktori Sona Valiyeva ham ishtirok etdi.
“Biz juda mamnunmiz. Yillar davomida qardosh xalqlarni bir-biridan ayirishga harakat qilgan bo‘lishsa-da, tomirimizda oqayotgan qon, jismimizdagi ruhimiz bizni ayirishlariga imkon bermadi. Bizni bizdek sevadigan boshqa xalq, boshqa millat topilmaydi”, deydi Sona Valiyeva.
LiveBarchasi