QALAMPIR 10 yoshda. Tarixni birga yozamiz

Jamiyat

image

Qamariddin Shayxov, QALAMPIR.UZ asoschisi: 

QALAMPIR.UZ o‘laroq bugun katta jamoa bilan sobitqadam, bir so‘zli, barqaror rivojlanish yo‘liga ega, maqsadlarini allaqachon belgilab olgan, jamiyatdagi har qanday o‘zgarish, yutuq va kamchiliklarga daxldor ommaviy axborot vositasi sifatida yoningizda turganimizdan mamnunmiz. 

2015 yilda katta ishonch bilan ilk qadamlarini tashlagan QALAMPIR bugun 10 yillik yo‘lni bosib o‘tdi. Albatta, dunyoning yetakchi ommaviy axborot vositalari bilan tenglashtirganda bu yo‘l u qadar shonli bo‘lmasligi mumkin, ammo O‘zbekistonning zamonaviy mediasi tarixida mutlaqo qaydimiz bor. Bu tarixni siz bilan birga yozdik. 

Bugun QALAMPIR.UZ O‘zbekistonning eng ommabop elektron ommaviy axborot vositalari reytingida TOP-3 likdan joy olmoqda. Yil boshidan buyon saytimizga 119 milliondan ortiq foydalanuvchi tashrif buyurgan. Sayt allaqachon O‘zbekistondagi ishonchli axborot manbaiga aylangan. 

Bizni Instagram’da 4 million 280 ming, YouTube platformasida 1 milllion 540 ming, Telegram’dagi 3 ta kanalimizda 325 ming foydalanuvchi kuzatib kelmoqda. Xalqaro reytinglarga ko‘ra, QALAMPIR.UZ 10 yillikda barqaror rivojlanib borayotgan internet-sayt sifatida e’tirof etilishi ham bizga nisbatan ishonch ortib borayotganining dalilidir. Bu esa, albatta, saytimizning moliyaviy barqarorligiga ham o‘zining ijobiy ta’sirini ko‘rsatmoqda. Mamlakatdagi yirik marketing agentliklari va kompaniyalar nazdida ham QALAMPIR.UZ tijoriy reklamalar nuqtai nazaridan ishonchli maydonga aylangan.

QALAMPIR.UZ'ning rivojlanish davri aynan Mustaqil O‘zbekistonning ikkinchi ma’muriyati davriga to‘g‘ri kelgani, o‘tgan yillarda mamlakatda Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida matbuot va so‘z erkinligi ijobiy o‘zgarishlarga yuz tutgani, jurnalistlarning maqomi, davlat va jamiyat hayotidagi mavqei, obro‘si ortgani quvontiradi. Ana shu islohotlar natijasida bugun jurnalistlarimiz chegaralarni bosib o‘tib, xalqaro maydondagi hamkasblari bilan bemalol tillasha olmoqda. Saytimiz jurnalistlari bugungacha 10 dan ortiq mamlakatlaridagi xalqaro tadbirlarni bevosita yoritish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Yirik konferetsiya, forum, sammitlarda ishtirok etdi. Mahalliy va xalqaro darajadagi mukofotlarni qo‘lga kiritdi. 

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ommaviy axborot vositalarining erkinlashuvi, jurnalistlar faoliyatiga nisbatan yaratilgan imkoniyatlar ortidan saytimizning mavzular qamrovi kengaydi. Aholi murojaatlari bilan ishlash son jihatidan ortdi, yuzlab muammolar hal etildi. Tanqidiy-tahliliy materiallarimiz bilan jamiyatda o‘zgarishlarga erisha oldik. Biroq, masala faqat matbuot va so‘z erkinligining mavjudligida emas. Xulosalarimiz shuni ko‘rsatmoqdaki, matbuot qanchalik erkin bo‘lmasin, muammolarni jasorat bilan ko‘tarib chiqmasin, ijro hokimiyatida e’tiborsizlik, o‘zbilarmonlik, ommaviy axborot vositalari ko‘targan masalalarga befarqlik va bamaylixotirlik bo‘laversa, jurnalistlarda hafsalasizlik ortib boraveradi. Afsuski, bugun ommaviy axborot vositalari davlat va jamiyatdagi ta’sirsizlik muhitini boshdan kechirmoqda. Ko‘tarilgan muammolar yechimsiz, tanqidiy fikrlar samarasiz qolib ketmoqda. Bunga nafaqat QALAMPIR, balki qator yirik ommaviy axborot vositalari faoliyatidan bir necha o‘nlab misollarni keltirish mumkin. Va QALAMPIR aynan shunday muhit, shunday kayfiyatda o‘zining 10 yilligini nishonlayotgani ham achchiq haqiqat. 

Aytgimiz keladiki, biz hali yo‘l boshidamiz va yo‘limiz uzoq. O‘zbekistonga ham ko‘p yillik ishonchli ommaviy axborot vositalari kerak. 10 yil ichida biz bilan bu maydonga kirib kelgan medialar, aytish joiz bo‘lsa, ko‘krak kerganlar ko‘p bo‘ldi. Ammo maydonda qolish, o‘quvchining mehrini qozonish, odamlarning ishonchiga kirish va uni oqlash har ommaviy axborot vositasiga nasib qilmadi. Nomi ulug‘larni ko‘p ko‘rdik, ko‘raveramiz. Asos – ishonch! 

Siz bilan yana 10 yildan keyin uzoqni ko‘zlagan va o‘z maqsadlari yo‘lida bundanda sobitqadam, bundanda barqaror media o‘laroq yuzlashish niyati ila...


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

5

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing