Putinning ukrainalik tarafdori – xersonlik amaldor YTHda qurbon bo‘ldi
Olam
−
10 noyabr 2022
7902Xerson viloyati ma’muriyati rahbari o‘rinbosari Kirill Stremousov kecha, 9 noyabr kuni yo‘l-transport hodisasida halok bo‘ldi.
Xerson viloyati gubernatori vazifasini bajaruvchi Volodimir Saldo o‘z o‘rinbosari Kirill Stremousovning avtohalokatda vafot etganini tasdiqladi.
“Kirill Stremousov bugun vafot etdi, deb aytish men uchun juda qiyin. U Xerson viloyati hududida avtohalokatga uchragan mashinada ketayotib vafot etdi. U ko‘p bolali ota: besh farzandi bor. Oltinchisi yaqinda tug‘ilishi kerak. Albatta, biz ularning barchasiga g‘amxo‘rlik qilamiz, lekin, afsuski, Kirilni qaytarib bo‘lmaydi”, deb yozdi u Telegram’dagi kanalida.
Saldoning qo‘shimcha qilishicha, Stremousov Xerson viloyatida sodir bo‘layotgan voqealar haqida odamlarga haqiqatni gapirishni va taqdim etishni biladigan eng yorqin odamlardan biri edi.
Stremousov Xerson viloyati Rossiya tomonidan bosib olinganidan so‘ng mintaqaning yetakchilaridan biriga aylandi. 28 sentyabr kuni u Rossiya Federatsiyasi fuqarosining pasportini oldi.
Kirill Stremousov halok bo‘lgan YTHga xavfli manyovr qilgan yuk mashinasi haydovchisi aybi sabab bo‘lgan. Bu haqda “Biz Rossiya bilan birgamiz” harakati raisi Vladimir Rogov ma’lum qildi.
“Kirill Stremousov halok bo‘lgan YTHda aybdor yuk mashinasi haydovchisi bo‘lib, xavfli manyovr qilgan. Kirillning mashinasi haydovchisi to‘qnashuvdan qochishga urinib, boshqaruvni yo‘qotgan”, deb yozadi u.
Rogovning aniqlik kiritishicha, to‘qnashuv oqibatida zirhli mashina parchalanib ketgan.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kirill Stremousovni vafotidan keyin “Jasorat” ordeni bilan taqdirladi. Kecha, 9 noyabr kuni e’lon qilingan farmonda “Xizmat burchini bajarishda ko‘rsatgan jasorati uchun Xerson viloyati harbiy-fuqarolik ma’muriyati rahbari o‘rinbosari (vafotidan keyin) Kirill Sergeyevich Stremousov “Jasorat” ordeni bilan taqdirlansin”, deyilgan.
Kirill Stremousov 2018 yildan 2019 yilgacha Ukraina Sotsialistik partiyasining Xerson bo‘limi raisi bo‘lgan (2022 yilda u Ukrainada faoliyati taqiqlangan "rossiyaparast" partiyalardan biriga aylandi). 2020 yil oktyabr oyida u Xerson merligiga saylovda o‘z-o‘zini ko‘rsatgan nomzod sifatida ishtirok etdi. 2021 yilda u rossiyaparast "Derjava" partiyasiga qo‘shildi (2022 yilda uning Ukrainadagi faoliyati taqiqlangan).
2022 yilda maxsus harbiy operatsiya davomida Xerson viloyatining katta qismi rus qo‘shinlari nazoratiga o‘tdi. Bosib olingan hududda harbiy-fuqarolik boshqaruvi tuzildi. 2022 yil aprel oyida Stremousov Xerson viloyati harbiy-fuqarolik boshqaruvi rahbarining o‘rinbosari lavozimini egalladi.
LiveBarchasi