Putinning tashrif qog‘ozi auksionga qo‘yildi
Olam
−
17 dekabr 2023
11931Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning 1990-yillarda xalq deputatlari Leningrad (hozirgi Sankt-Peterburg) shahar kengashida ishlagan davridagi tashrif qog‘ozi kimoshdi savdosida sotuvga qo‘yildi. Vizitka uchun eng yuqori taklif 2,8 ming rublni tashkil etmoqda. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.
"Vladimir Vladimirovich Putinning tashrif qog‘ozi. Unda telefon raqamlar yozilgan. 1990-yillar", deyiladi lot kartasida (auksion haqida asosiy ma’lumotlar keltirilgan elektron platforma sahifasi).
Vizitkaning fotosuratida Putinning o‘sha paytdagi lavozimi ko‘rsatilgan: xalq deputatlari Leningrad shahar kengashi raisining xalqaro aloqalar bo‘yicha maslahatchisi.
Putinning tashrif qog‘ozining boshlang‘ich bahosi ming rubl miqdorida belgilangan, hozirgi vaqtda u maksimal taklif 2,8 ming rublni tashkil qilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, auksion 24 dekabr kuni bo‘lib o‘tadi.
Qayd etish joizki, bu Putinning tashrif qog‘ozlari birinchi marta sotuvga qo‘yilishi emas. 2019 yil oktyabr oyida ham ixtisoslashtirilgan internet-resurslardan birida Putin Sankt-Peterburg meriyasining Tashqi aloqalar qo‘mitasi raisi lavozimida ishlagan paytidagi tashrif qog‘ozi 2 million rublga sotuvga qo‘yilgan. Putin bu lavozimda 1991 yildan 1996 yilgacha ishlagan.
Eslatib o‘tamiz, 2022 yil oxirlarida Britaniyaning marhum qirolichasi Yelizaveta II ga tegishli Jaguar avtomobili ham kimoshdi savdosiga qo‘yilgan edi.