Putinning inauguratsiyasi: U beshinchi marta Rossiya taxtini egalladi (video)
Olam
−
07 may
7727Bugun, 7 may kuni Moskvadagi Kreml saroyida Vladimir Putinning Rossiya Prezidenti lavozimiga kirishish marosimi bo‘lib o‘tmoqda. Marosim mahalliy OAV tomonidan translyatsiya qilinmoqda.
Marosimda Putin qasamyod qilib, “inson va fuqarolarning huquq-erkinliklarini” himoya qilishga va’da bergan. U rasman Prezident lavozimini egalladi.
Inauguratsiyada Rossiya Bosh vaziri Mixail Mishustin, Mudofaa vaziri Sergey Shoygu, Moskva meri Sergey Sobyanin, Checheniston rahbari Ramzan Qodirov va boshqa Rossiya rasmiylari hamda mintaqa rahbarlari ishtirok etmoqda.
Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqi diplomatlari marosimda ishtirok etishdan bosh tortgan. Marosimda Fransiya elchisi Per Levi ishtirok etishi xabar qilingandi. Davlat rahbari matbuot kotibi Dmitriy Peskov ularning qarori Moskvaning javob choralariga sabab bo‘lmasligini aytgan.
Ma’lumot uchun, Kreml hududi 7 may kuni tashrif buyuruvchilar uchun yopilgan. Rossiyada prezidentlik saylovlari 15-17 mart kunlari bo‘lib o‘tgan. Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, Vladimir Putin saylovda 87,28 foiz ovoz olgan.
Rossiya muxolifati, jumladan, koloniyada vafot etgan rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniyning rafiqasi Yuliya Navalnaya hamda siyosatchi va jurnalist Vladimir Kara-Murza 2024 yilgi Rossiya prezidenti saylovi natijalarini tan olmaslikka chaqirgan. Yevropa parlamenti “Rossiyadagi prezidentlik saylovlari”ning noqonuniyligi to‘g‘risida”gi rezolyutsiyani qabul qilgan.
Inauguratsiya marosimidan so‘ng Putin ushbu lavozimda yana olti yil, 2030 yilning mayigacha faoliyat yuritish huquqiga ega bo‘ladi. Bu bilan Putin Rossiyani Ivan Grozniy va Yekaterina II dan keyin eng uzoq vaqt boshqargan hukmdorga aylanadi.
LiveBarchasi