Putinga yaqin ko‘riladigan pianinochi Toshkentda konsert bermoqchi
Olam
−
08 avgust 2023
5319Joriy yilning 23 oktyabr kuni Toshkentda rossiyalik pianinochi Denis Matsuyevning yakkaxon konserti bo‘lib o‘tadi. Bu haqda O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi matbuot xizmati xabar berdi.
“2023 yil 23 oktyabr kuni “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyi sahnasida Denis Matsuyevning “Yana bir bor. Gendeldan Rahmaninovgacha” nomli yakkaxon konserti bo‘lib o‘tadi”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, Matsuyev o‘z konsertida Bethoven, Shubert, Shopen, Moshkovskiy, Pulenk, Chaykovskiy va Sergey Rahmaninovning toj asarlarini ijro etadi.
Ma’lumot uchun, pianinochi Denis Matsuyevning joriy yilning 24 may kuni Italiyaning Breshia va Bergamo shaharlarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan konsertlari bekor qilindi. Ularda musiqachi Sergey Rahmaninov, Igor Stravinskiy va Sergey Prokofev asarlarini ijro etishi kerak edi.
“San’at tajovuzga qarshi” tashkiloti faollari konsertlarni bekor qilishni talab qilib, shahar merlariga murojaat qilgan, Ukrainaning Italiyadagi elchisi Yaroslav Melnik ham xuddi shunday iltimos bilan shahar merlariga rasmiy maktub yo‘llagan. Internetdagi petitsiyaga esa 1000 dan ortiq odam imzo chekgan.
Noyabr oyida Venadagi Konzerthaus konsert zali Denis Matsuyevning 16 fevralga mo‘ljallangan konsertini bekor qilgandi.
Denis Matsuyev 2014 yilda Qrimning anneksiya qilinishini qo‘llab-quvvatlovchi ochiq xatni imzolagan. Keyinchalik, u bir necha bor Vladimir Putinning siyosatini, shu jumladan Ukrainaga nisbatan, Putinni 2018 yilgi prezidentlik sayloviga nomzod sifatida ko‘rsatish bo‘yicha tashabbus guruhi va Rossiya Konstitutsiyasiga tuzatishlar tayyorlash bo‘yicha ishchi guruh a’zosi bo‘lganini ma’qullagan. Ukrainada keng ko‘lamli urush boshlanganidan so‘ng, Shveysariyaning Sergey Rahmaninov jamg‘armasi Matsuyevni o‘z boshqaruvidan chiqarib yubordi. Latviyada Matsuyev boshqa bir qator kremlparast rus madaniyat arboblari qatori persona non grata deb e’lon qilingan.
Eslatib o‘tamiz, jamoatchilikning e’tirozlaridan so‘ng kremlparast xonanda Grigoriy Lepsning Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekistonda rejalashtirgan konsert dasturlari bekor qilingan edi.
LiveBarchasi