Putindan tortib Mirziyoyevgacha. Prezidentlarning sevgi tarixi qanday?
Tahlil
−
30 mart 2023
60005Prezidentlarning har bir qadami, islohotlari va buyruqlari barchaning diqqat markazida bo‘lishi tabiiy hol. Biroq ularning siyosiy faoliyatidan tashqari, shaxsiy hayoti ham hech kimni befarq qoldirmaydi. Ayniqsa, davlatlar yetakchilarining hukumat tepasiga kelguniga qadar kechirgan umri, yoshlik davri, qanday oila qurgani va rafiqasi bilan qanday tanishgani barcha uchun juda qiziq. QALAMPIR.UZ Mustaqil davlatlar hamdo‘stligiga a’zo mamlakatlar rahbarlarining rafiqalari bilan sevgi tarixi haqida maqola tayyorladi.
Belarus. Aleksandr Lukashenko va Galina Lukashenko
Belarusning birinchi xonimi Galina Jelnerovich 1955 yilda oddiy oilada tug‘ilgan. U turmush o‘rtog‘i Aleksandr Lukashenko bilan maktabda – Rijkovichi qishlog‘ida tanishgan.
Ular birgalikda Mogilev institutining tarix fakultetiga o‘qishga kirgan. Bolalikdan boshlangan muhabbat tufayli yosh Lukashenko 1975 yilda Dnepr daryosi bo‘ylarida Galinaga turmush qurishni taklif qilgan.
Ularning Viktor va Dmitriy ismli o‘g‘illari bor. Rasmiy ravishda Galina deyarli hech qachon eri bilan chet davlatlarga hamroh bo‘lib bormagan. U Lukashenko rahbarligining barcha yillari davomida faqatgina bir marta – 1994 yilda Isroilga bo‘lgan safarida hamroh bo‘lgan.
Ba’zan uzoq yillar davomida sinalgan muhabbat ham hayotning turli qiyinchiliklari oldida ojiz qolishi mumkin. Sababi romantik tarzda boshlangan Lukashenkolar hayotining yakuni havas qilgulik emas. Garchi ularning ajrashgani haqida rasmiy ma’lumot berilmagan bo‘lsada, OAV xabarlariga ko‘ra, er-xotin uzoq yillardan beri birga yashamaydi.
Ozarbayjon. Ilhom Aliyev va Mehribon Aliyeva
O‘zining latofati, go‘zalligi va yillar ta’sir qila olmagan ko‘rinishi bilan birinchi xonimlar orasida ajralib turadigan Mehribon Aliyeva Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning rafiqasi. U 1964 yil 26 avgustda Baku shahrida tug‘ilgan. Mehribon mamlakatda taniqli bo‘lgan Pashayevlar oilasida voyaga yetgan.
Ilhom Aliyev esa Ozarbayjonning birinchi prezidenti Haydar Aliyevning o‘g‘li bo‘lib, 1961 yil 24 dekabrda dunyoga kelgan.
Ularning nikoh to‘yi 1983 yilda bo‘lib o‘tgan. O‘sha paytda ular talaba bo‘lgan. Shu vaqtda Mehribon Aliyeva endigina Moskva tibbiyot institutiga kirgan edi. Nikohdan bir yil o‘tgach, ularning oilasida Leyla ismli qiz tug‘ilgan. 1989 yilda esa yana bir qiz – Arzu va 1997 yilda Haydar ismli o‘g‘il farzand dunyoga kelgan.
Ular ayni paytda ham namunali oila bo‘lib, yashab kelmoqda. Juftliklarning birgalikdagi chiqishlari hamisha omma e’tiborida bo‘lib kelgan. Mehribon turmush o‘rtog‘i bilan barcha muhim tadbirlarda qatnashadi va uni faol qo‘llab-quvvatlaydi.
Armaniston. Nikol Pashinyan va Anna Akopyan
Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyanning rafiqasi Anna Akopyan 1978 yil 1 fevralda tavallud topgan. 2000 yilda u Yerevan davlat universitetining jurnalistika fakultetini tamomlagan.
Universitetda o‘qiyotganda u bo‘lajak turmush o‘rtog‘i Nikol Pashinyan bilan tanishgan.
“Men ma’ruza zaliga birinchi marta kirganimda darhol bu ismni eshitdim – Nikol Pashinyan. Hamma u haqida gapirardi: o‘qituvchilar, dekanlar, talabalar. Unga qoyil qolib, uni o‘rnak qilib ko‘rsatishdi. Nikol fakultetning faxri bo‘lgan. Biz birinchi ko‘rishdayoq bir-birimizni sevib qoldik”, deydi Anna.
Talabalik davrida boshlangan o‘tli muhabbat Anna universitetni tamomlagach, oila qurish bilan mustahkamlandi.
1998 yilda ular birinchi marta ota-ona bo‘lishdi – jurnalist Maryam ismli qizaloqni dunyoga keltirdi. Va oradan 2 yil o‘tgach, ularning yagona o‘g‘li Ashot tug‘ildi. Muxolifat tomonidan Pashinyanga suiqasd uyushtirilganda, bola atigi 4 yoshda edi, bu Akopyan uchun qiyin sinovga aylandi. Nikol hokimiyat tomonidan ta’qibdan yashiringan paytda mashhurlarning ikkinchi qizi – Shushan dunyoga keldi. Aynan o‘sha yillar juftlikning otashin muhabbatini sinovdan o‘tkazdi. Anna juda qiynaldi, chunki u ishni uchta bolani tarbiyalash bilan birlashtirishga majbur bo‘ldi. Ammo ayol eriga ishonishdan va uni qo‘llab-quvvatlashdan aslo to‘xtamadi.
Baxtli oilaning Maryam, Shushannu, Ashotdan tashqari, yana Arpine ismli qizi bor.
Qozog‘iston. Qosim-Jomart To‘qayev va Nadejda Davidovna
Qozog‘istonning birinchi xonimi haqida deyarli hech qanday ma’lumot yo‘q. Nadejda Davidovna Nijniy Tagilda tug‘ilgan bo‘lib, birinchi xonimning millati yahudiy.
Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, 2009 yilgacha u o‘z biznesiga ega bo‘lgan. Yakka tartibdagi tadbirkor uning nomiga soliq idorasida ro‘yxatdan o‘tgan. Lekin hozircha u ishlamayapti.
Ba’zi rasmiy manbalarda ularni ajrashgani keltirilgan.
Qirg‘iziston. Sadir Japarov va Oygul Japarova
Qimmat brendlarga qiziqqani bilan mashhur bo‘lgan Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov va Oygul Japarovaning sevgi hikoyasi qishloqdan boshlangan. Qo‘shni qishloqlarda yashagan bo‘lajak juftliklar, sayohat paytida tanishib qolgan.
Uning rafiqasi Oygul Asanbayeva Issiqko‘l viloyatida tug‘ilgan. Maktabdan so‘ng Qorako‘ldagi tibbiyot bilim yurtiga o‘qishga kirgan. Keyinchalik I.Arabayev nomidagi Qirg‘iziston Davlat universitetining pedagogika fakultetini tamomlagan.
Uch yillik do‘stlikdan so‘ng yoshlar oila qurishga qaror qilgan. Oygul Asanbayevaning xotirlashicha, ular turmush qurgan vaqtda u 18 yoshda, Japarov esa 23 yoshda bo‘lgan.
“Sadir bilan men juda yosh tanishganmiz. Darhol aytaman: u romantik emas. Talabalik yillarida Sadir Bishkekda, men esa Qorako‘lda o‘qigan bo‘lsamda, u menga har hafta telefon orqali telegrammalar jo‘natib, so‘zlashuvga taklif qilar edi. Men butun hafta kutganimni va telefon stansiyasiga qanday xursandchilik bilan yugurganimni eslayman. O‘sha kun kelganda, ba’zida biz nima haqida gaplashishni bilmasdik, shunchaki bir-birimizning ovozimizni tinglardik”, deb eslaydi birinchi xonim.
Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, turmush o‘rtoqlarning besh nafar farzandi bor, boshqalarga ko‘ra to‘rtta. Asanbayeva tegishli savolga ularning to‘rt nafar farzandi borligi, biroq Sadir Japarovning xotini bilan baxtsiz hodisada halok bo‘lgan ukasi Rinatni ham asrab olishganini aytgan.
Rossiya. Vladimir Putin – Lyudmila Putina
Rossiyaning sobiq birinchi xonimi Lyudmila Aleksandrovna Shkrebneva 1958 yil 6 yanvarda Kaliningradda tug‘ilgan. U Putin bilan styuardessa bo‘lib ishlayotgan vaqtida tanishgan.
Ular uchrashganidan uch yil o‘tgach, Vladimir Putin unga oila qurishni taklif qilgan. 1985 yilda bu oilada Mariya, 1986 yilda Katerina tug‘ilgan. 2013 yilda Putinlar ajrashganlarini e’lon qilgan.
Tojikiston. Imomali Rahmon – Azizmo Asadullayeva
Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmonning rafiqasi Azizmo Asadullayeva jahon hamjamiyatining nazaridan yashiringan. U haqida rasmiy ma’lumot yo‘q. U dang‘aralik ekani haqida ehtimollar mavjud.
Azizmo ziyofatlarda kam uchraydigan mehmon, sayohatlarda turmush o‘rtog‘iga deyarli hamrohlik qilmaydi. U faqatgina Imomali Rahmonning 2014 yilda Malayziyaga tashrifi chog‘ida hamroh bo‘lgan.
OAV xabarlariga ko‘ra, 2013 yilda Tojikiston Prezidenti kichik biznes vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda kimdir Azizmo Rahmonovani mamlakat tadbirkorlar uyushmasi rahbari etib tayinlashni taklif qilgan. Tojikiston rahbari bu taklifni rad etib, ayoli bolalarga, eriga g‘amxo‘rlik qilishi kerakligini aytgan.
Turkmaniston. Serdar Berdimuhamedov
Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov 2001 yili turmush qurgan. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, uning to‘rt farzandi – bir o‘g‘li va uch qizi bor. Xotinining ismi va tarjimai holi haqida hech narsa ma’lum emas. Prezident oilasining shaxsiy hayoti har tomonlama yashirin.
Turkman muxolifati matbuoti o‘z vaqtida Serdar Berdimuhamedovning uch farzandi – Kerimguli, O‘g‘ulbobek va Oygul Shveysariyaning Jeneva shahrida ishlagan va o‘qishi davomida nufuzli va xalqaro Ekolit maktabida tahsil olganini aniqlashga muvaffaq bo‘lgan.
O‘zbekiston. Shavkat Mirziyoyev – Ziroatxon Mirziyoyeva
O‘zbekiston Respublikasining Birinchi xonimi Ziroatxon Mirziyoyeva jamiyatda paydo bo‘la boshlaganidan beri go‘zalligi, kiyinish uslubi, o‘zini tutishi bilan barchani hayratda qoldirib kelmoqda. Ko‘pchilik uning tarjimai holi bilan qiziqadi. O‘zbekistonning birinchi xonimi Ziroatxon Mirziyoyeva Qo‘qon shahrida tug‘ilgan. Uning otasi Mahmudjon Hoshimov O‘rta Osiyo temir yo‘lining ta’minot bo‘limiga rahbarlik qilgan. Ziroatxonning onasi haqida aniq ma’lumot yo‘q. Aytishlaricha, birinchi xonimning ota-onasi kundalik hayotda taqvodor va qattiqqo‘l odamlar bo‘lgan.
Ziroatxon muhandis-iqtisodchi, u Toshkent irrigatsiya va melioratsiya institutini tamomlagan. Lekin ayni paytda birinchi xonim o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishlamaydi. U “Zamin” xalqaro jamoat fondi vasiylik kengashi raisi.
Yosh Ziroatxon Hoshimova Toshkent qishloq xo‘jaligi institutida bo‘lajak Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan tanishgan.
Unda Mirziyoyev komsomol qo‘mitasi kotibi, Hoshimova esa talabalardan biri edi. Biroq qizning qarindoshlari ularning munosabatlariga qarshi bo‘lgan, shunga qaramay, yoshlar turmush qurgan.
Ziroatxon Mirziyoyeva juda xushmuomala. Bilimdonlar va madaniyat vakillari, jamoat arboblari bilan, asosan, kasbiy masalalar, farzand tarbiyasi muammolari yuzasidan muloqot qiladi. Fan, ta’lim, adabiyot va san’atga qiziqishi yuqori.
Shavkat Mirziyoyev Prezident bo‘lganidan beri ko‘plab davlat tadbirlarida rafiqasi bilan qatnashdi. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari ular haqida faqat ijobiy gapirishadi.
Mirziyoyevlarning Saida, Shahnoza va Alisher ismli farzandlari bor.
LiveBarchasi