Putin zudlik bilan Ukrainadagi urushni to‘xtatishi kerak – Shols

Olam

image

Germaniya kansleri Olaf Shols Rossiya Prezidenti Vladimir Putin rejasi barbod bo‘lganini anglashi va darhol Ukrainadagi urushni tugatishi kerakligini aytdi. Bu haqda u kecha, 12 iyun kuni Fransiya va Polsha Prezidentlari Emmanuel Makron va Anjey Duda bilan Parijda “Veymar uchburchagi” formatida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda gapirib o‘tgan.

“Rossiya yetakchisi yuz minglab o‘lganlar, millionlab yaradorlar va undan ham ko‘proq qochqinlar fonida urushni tugatish, qo‘shinlarni olib chiqish va nihoyat adolatli tinchlik haqida gapirishi kerak bo‘lgan vaqt keldi”, deydi Shols.

Uning qayd etishicha, Parijdagi uchrashuv Fransiya, Polsha va Germaniya Yevropada qanchalik yaqin va qanday ishonch bilan hamkorlik qilayotganiga signal bo‘ldi.

Sholsga ko‘ra, Berlin, Parij va Varshava Ukraina tomonida va Kiyevni siyosiy, gumanitar, moliyaviy, shuningdek, qurol-yarog‘ bilan qo‘llab-quvvatlashga tayyor.

"Biz buni qancha vaqt kerak bo‘lsa qilamiz. Uchovimiz bir-birimizdan mustaqil ravishda Ukraina va Ukraina Prezidentini bunga ishontirdik. “Veymar uchburchagi” davlatlari, shuningdek, YeI va NATO hamkorlari o‘z sa’y-harakatlarini muvofiqlashtirgan birlik bizning kuchimizdir. Prezident Putin Ukrainaga halokatli hujum qilish to‘g‘risida qaror qabul qilganda G‘arbda bunday birlikka duch kelishni kutmagan edi. Siyosatchilar yanada birlashgan, yanada kuchliroq va hatto suveren Yevropani yaratishga muvaffaq bo‘ladi”, deydi Shols.

Ma’lumot o‘rnida, “Veymar uchburchagi” – Germaniya, Polsha va Fransiya hukumatlari vakillarining maslahat forumi. U 1991 yilda uch davlat tashqi ishlar vazirlari tashabbusi bilan tashkil etilgan. Formatning asosiy vazifasi uning a’zolarining tashqi siyosatini muvofiqlashtirish va umumevropa integratsiyasini rag‘batlantirishdan iborat.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin Ukraina Olaf Shol'ts Veymar uchburchagi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing