Putin jiyanini Mudofaa vaziri o‘rinbosari lavozimiga tayinladi
Olam
−
17 avgust
12689Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ommaviy axborot vositalarida amakivachchasi deb atalgan Anna Sivilyovani davlat kotibi – Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vaziri o‘rinbosari lavozimiga tayinladi. Shu haqdagi rasmiy hujjat bugun, 17 avgust kuni normativ-huquqiy hujjatlar portalida e’lon qilindi.
Sivilyova joriy yilning 17 iyunidan boshlab vazir o‘rinbosari lavozimidan ozod etilgandi. Davlat kotibi Rossiya Mudofaa vazirligi va Davlat Dumasi va Federatsiya Kengashi o‘rtasidagi aloqa uchun javobgardir. Bundan tashqari, uning vazifalariga qonunchilikka takliflar tayyorlash kiradi.
Vazir o‘rinbosari sifatida Sivilyova harbiylarning ijtimoiy va uy-joy ta’minotini nazorat qilishi kerak. Anna Sivilyova – Rossiya Energetika vaziri Sergey Sivilyovning rafiqasi, u avval Kemerovo viloyati gubernatori lavozimida ishlagan.
2022 yil yanvar oyida e’lon qilingan jurnalistik surishtiruvda Sivilyova Rossiya Prezidenti Putinning amakivachchasi Yevgeniy Mixaylovich Putinning qizi degan xulosaga kelingandi. Sivilyova 52 yoshda, u Ivanovo shahrida tug‘ilgan, viloyat shifoxonasida psixiatr bo‘lib ishlagan. Putin hokimiyatga kelganidan ko‘p o‘tmay, u Moskvaga ko‘chib o‘tdi va u yerda iqtisodiy sohada ta’lim oldi hamda tibbiy asbob-uskunalar yetkazib berishni boshladi. 2007 yilda u Sergey Sivilyovga turmushga chiqdi va besh yildan so‘ng er-xotin “Kolmar” ko‘mir kompaniyasining ulushiga ega bo‘ldi. 2023 yil oxirida Sivilyova Yevropa Ittifoqining sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan.
“The Insider” ma’lumotlariga ko‘ra, Anna Sivilyova “Kolmar” yirik ko‘mir kompaniyasiga egalik qiladi. O‘z vaqtida ushbu kompaniyaga davlat tomonidan keng miqyosda yordam berilgani haqida ayrim agentliklar tekshiruv e’lon qilgan. Ayni damda esa Putinning jiyani ushbu kompaniyaning asosiy benefitsiari hisoblanadi.
LiveBarchasi