Putin Yevropa davlatlarini keskin ogohlantirdi

Olam

image

Yevropa qo‘shinlarining Ukrainaga kiritilishi Rossiya bilan urushga olib keladi. Bu haqda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Hindistonda bo‘lib o‘tayotgan BRICS sammiti doirasida jurnalistlarga ma’lum qildi.

“Ular hozir Ukraina hududiga qo‘shin kiritish haqida o‘ylayotganini aytmoqda. Bu Rossiya bilan urushni anglatadi“, degan u.

Putinning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa aholisi o‘z rahbarlari mamlakatlarni mojaroga undayotganini anglab yetmoqda. Uning fikricha, bu holat Germaniyada “Germaniya uchun muqobil“ partiyasining saylovlardagi so‘nggi natijalarida ham o‘z aksini topgan.

“Menimcha, hozir Yevropada umuman sodir bo‘layotgan barcha voqealar G‘arb, G‘arb globalistlarining siyosat, xavfsizlik va iqtisodiyot sohasidagi tizimli xatolarining natijasidir“, degan Putin.

Uning aytishicha, sovuq urush tugab, Sovet Ittifoqi parchalangach, G‘arb davlatlari o‘zlarini “Olimp cho‘qqisida“ deb his qilgan va ularga hamma narsa mumkin, degan xulosaga kelgan. Putin bu xatolar “qor uyumiday kattalashib borganini“ ta’kidlagan.

Rossiya Prezidenti, shuningdek, G‘arb davlatlari Kavkazdagi separatizmni bevosita qo‘llab-quvvatlagani va hozirgi Ukraina inqirozini yuzaga keltirganini aytgan. Moskva NATOning sharqqa kengayishini nomaqbul deb hisoblashini ko‘p marotaba bildirganini eslatgan.

“Rejim qonli davlat to‘ntarishi yordamida almashtirilishi bilanoq, takror aytaman, Ukrainani NATOga olib kirish maqsadi qo‘yildi. Bu, oxir-oqibat, bugungi Ukrainadagi fojiali voqealarning asl sababiga aylandi“, degan Putin.

Shu bilan birga, Putin Rossiya Yevropa davlatlariga tahdid solmayotgani va bunday qilish niyatida ham emasligini ta’kidladi.

“Nima sababdan? Hech kim bizning Yevropa bilan qandaydir mojaro uchun asosimiz yo‘qligi haqida o‘ylamayapti. Ikkinchi jahon urushi natijalariga ko‘ra, barcha masalalar hal qilingan“, degan u.

Prezident, shuningdek, Yevropa davlatlarining energetika sohasidagi xatolari ular uchun gaz narxlarining yanada oshishiga olib kelishidan ogohlantirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukrainadagi urush davom etayotgan bir paytda NATO davlatlaridan biriga cheklangan hujum uyushtirib, alyansning qat’iyatini sinab ko‘rishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing