Putin yadroviy qudratini kuchaytiradi
Olam
−
23 fevral 2023
11036Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bugun, 23 fevral kuni mamlakatda “Vatan himoyachilari” bayrami va Ukrainadagi urushning bir yilligi munosabati bilan qilgan murojaatida Rossiya yadroviy qudratini kuchaytirishga e’tibor qaratishini aytdi. Murojaat matni Kreml saytida e’lon qilindi.
Qayd etilishicha, Putinning mazkur qarori Rossiyaning Qo‘shma Shtatlar bilan yadroviy qurollarni nazorat qilish bo‘yicha ikki tomonlama shartnomasi (START)ni to‘xtatganidan so‘ng e’lon qilingan. Shuningdek, u quruqlik, dengiz va havodagi yadroviy raketalar (yadroviy triada)ni mustahkamlashga e’tiborini kuchaytirishini urg‘ulagan.
Putinga ko‘ra, bir nechta yadro kallaklarini olib yuroladigan “Sarmat” qit’alararo ballistik raketalari joriy yilda birinchi marta ishga tushiriladi.
“Biz havoga asoslangan gipertovushli “Kinjal” tizimlarini ommaviy ishlab chiqarishni davom ettiramiz va dengizda joylashgan “Sirkon” gipertovushli raketalarini ommaviy yetkazib berishni boshlaymiz”, deyiladi bayonotda.
“Reuters” nashriga ko‘ra, Rossiya ertaga, 24 fevral kuni Janubiy Afrikada Xitoy bilan harbiy mashg‘ulotlarni boshlashi va u yerga gipertovushli raketalar bilan jihozlangan fregat (harbiy kema) yuborishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 22 fevral kuni Rossiya Federatsiyasi Davlat dumasi Rossiyaning Strategik hujum qurollarini qisqartirish to‘g‘risidagi shartnomada (START, START-III) ishtirokini to‘xtatish to‘g‘risidagi qonunni qabul qilgandi.
Alibek Beyjanov