Putin va Pezeshkiyon ilk bor muzokara o‘tkazdi
Olam
−
11 Oktabr
5192Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon bugun, 11 oktyabr kuni Ashxobodda muzokara o‘tkazdi. Bu haqda Kreml matbuot xizmati xabar berdi.
“Eron Shanxay Hamkorlik Tashkiloti va BRICS’ga to‘laqonli a’zo bo‘ldi. Sizni shu oyning 23-24 kunlari Qozon shahrida BRICS sammitida kutaman, u yerda ham ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazish rejalashtirilgan. Yana bir bor siz bilan uchrashish imkoniga ega bo‘lganimdan juda xursandman”, degan Putin.
Eron Prezidenti Putinning Rossiyaga rasmiy tashrif bilan borish taklifini minnatdorchilik bilan qabul qilib, undan foydalanishini aytdi. Uning aytishicha, Tehron Qozondagi BRICS sammitida Moskva bilan keng qamrovli strategik sheriklik shartnomasini imzolashga umid qilmoqda.
"Umid qilamanki, biz ushbu kelishuvni Rossiyada bo‘lib o‘tadigan BRICS sammiti davomida tuzamiz. Boshqa mamlakatlar bilan solishtirganda, bizning pozitsiyalarimiz juda o‘xshash", deydi u.
Shuningdek, Pezeshkiyon Eron va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar strategik va samimiy bo‘lib, ikki tomonlama hamkorlik kundan kun mustahkamlanib borayotganini aytdi.
"Eron va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar strategik va samimiydir, bizning hamkorligimiz iqtisodiy va madaniy jihatdan kundan-kunga mustahkamlanib bormoqda", deydi Pezeshkiyon.
Uning aytishicha, Yevropa davlatlari va Qo‘shma Shtatlar Yaqin Sharq davlatlari o‘rtasidagi munosabatlar tinch muhitda rivojlanishini istamaydi. Eron Prezidentining ta’kidlashicha, mintaqadagi vaziyat Isroil “hech qanday xalqaro huquqiy va gumanitar bazani” tan olmasligi sababli keskinlashdi.
Bu Putinning Pezeshkiyon bilan Eron Prezidenti lavozimiga kirishganidan beri birinchi uchrashuvi. Ashxobodda buyuk turkman shoiri va mutafakkiri Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300 yilligiga bag‘ishlangan “Zamonlar va sivilizatsiyalar munosabatlari – tinchlik va taraqqiyot asosi” xalqaro forumi doirasida bo‘lib o‘tdi.
Eslatib o‘tamiz, 30 sentyabr kuni Eron Prezidenti Rossiya Bosh vaziri Mixail Mishustin bilan muzokaralar chog‘ida Eron va Rossiya mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni, ayniqsa, G‘arb sanksiyalariga qarshi turish masalasida yanada mustahkamlashi mumkinligini aytgandi.