Putin va Abbos uch soat nimalar haqida gaplashdi?

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Moskva yaqinida joylashgan Novo-Ogarevodagi qarorgohida Falastin yetakchisi Mahmud Abbos bilan muzokaralarni yakunladi. Bu haqda TASS xabar berdi.

Ular ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qilgan, shuningdek, Falastin-Isroil mojarosining kuchayishi va G‘azo sektoridagi misli ko‘rilmagan gumanitar falokat munosabati bilan Yaqin Sharqdagi vaziyat yuzasidan fikr almashgan.

Ikki davlat liderlarining bu uchrashuvi Isroilning G‘azo sektorida davom etayotgan operatsiyasi, shuningdek, Tehronda HAMAS siyosiy byurosi rahbari Ismoil Xoniyaning o‘limi fonida bo‘lib o‘tdi. Prezidentlar o‘rtasidagi suhbat 3 soat davom etgan. Putin muzokaralar chog‘ida Rossiya Falastinda sodir bo‘layotgan gumanitar falokatni og‘riq va xavotir bilan kuzatib borayotganini aytdi hamda o‘z xalqini qo‘llab-quvvatlash uchun hamma narsani qilayotgan Abbosga minnatdorchilik bildirgan.

“Biz avvalambor tinch aholi orasidagi yo‘qotishlaridan xavotirdamiz. Falastin va uning xalqini qo‘llab-quvvatlash uchun hamma narsani qilamiz. Mintaqada uzoq muddatli, ishonchli va barqaror tinchlik o‘rnatishning yagona yo‘li bu – BMTning barcha rezolyutsiyalarini bajarish va to‘liq huquqli Falastin davlatini barpo etishdir”, degan Putin.

Abbos, o‘z navbatida, Rossiyani eng qadrdon do‘stlaridan biri deb atagan.

Uning aytishicha, Eron yaqin soatlarda Isroilga javob berish borasida qaror qabul qilishi mumkin. Putin bilan uchrashuv yakunlari bo‘yicha TASS bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Mixail Gusmanga bergan intervyusida Mahmud Abbos Falastin BRICS yig‘ilishiga kuzatuvchi formatida taklif qilinishi haqida aytib o‘tgan.

“BRICS mavzusini ham muhokama qildik va og‘zaki kelishuvga erishildi. Biz yaqin kelajakdagi voqealar rivojiga nisbatan qarashlarimizni va ushbu qiyin davrda har qanday harakat nimaga olib kelishi mumkinligini muhokama qildik. Albatta, ikki tomonlama munosabatlar borasida ham suhbat qurdik. Chunki Falastinning Rossiya bilan juda uzoq muddatli strategik munosabatlari mavjud”, degan Falastin Prezidenti.


Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mahmud Abbos Rossiyaga yetib borgani, Falastin Prezidenti Putin bilan uning Novo-Ogarevodagi qarorgohida muzokara o‘tkazgani xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin Mahmud Abbos Novo-Ogarevo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing