Putin O‘zbekiston iqtisodiyotining barqarorligi Rossiya gaziga bog‘liqligini aytdi
Olam
−
27 may
10401Rossiya – O‘zbekistonga uglevodorodlarni ishonchli yetkazib beruvchi mamlakat hisoblanadi. Rossiya Federatsiyasining neft va gazi Markaziy Osiyo respublikasi iqtisodiyotining barqaror ishlashiga imkon beradi. Bu haqda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin o‘zbekistonlik mavqedoshi Shavkat Mirziyoyev bilan muzokaralar yakunida aytib o‘tdi.
“Strategik yo‘nalish – energetika. Mamlakatimiz O‘zbekiston iqtisodiyotini ishonchli va qulay shartlarda uglevodorod yoqilg‘isi bilan ta’minlab, bu orqali energiyani ko‘p talab qiluvchi tarmoqlar – qishloq xo‘jaligi, shuningdek, davlat sektorining barqaror ishlashiga ko‘maklashmoqda”, deydi Putin.
Ma’lumot uchun, 2023 yilning iyun oyida O‘zbekiston "Gazprom" bilan yiliga 2,8 milliard kubometr – kuniga 9 million kubometr gaz sotib olish bo‘yicha ikki yillik shartnoma tuzgandi. 2023 yilning dekabr oyida Toshkentning iltimosiga binoan rus kompaniyasi gaz yetkazib berishni ikki baravarga oshirdi. Gaz Qozog‘iston hududi orqali tranzit holda "Markaziy Osiyo – Markaz" quvuri orqali yetkazib beriladi. 2026 yildan boshlab Rossiya gazining O‘zbekistonga tranzit hajmi to‘rt baravarga oshib, yiliga 11 milliard kub metrgacha yetishi kutilmoqda.
Joriy yilning birinchi choragida O‘zbekiston o‘tgan yilga nisbatan 2,4 barobar (207,3 mln dollar)ga ko‘proq tabiiy gaz sotib oldi.
Qayd etilishicha, o‘sish 2023 yil oktyabr oyida boshlangan Rossiya gazining importi hisobiga sodir bo‘lgan. Jumladan, 2024 yilning yanvar-mart oylaridagi gaz import qilish ko‘rsatkichlari:
- Yanvar – 35,6 million dollar;
- Fevral – 131,1 million dollar;
- Mart – 193,5 million dollar.
O‘z navbatida, bu davrda gaz eksporti 45,4 million dollarni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan qiymat hisobida 2,5 foizga oshgan.
2024 yilning yanvar-mart oylaridagi gaz eksport qilish ko‘rsatkichlari:
- Yanvar – 21 million dollar;
- Fevral – 5,7 million dollar;
- Mart – 18,7 million dollar.
LiveBarchasi