Putin O‘zbekiston bilan harbiy hamkorlikni yangilamoqchi

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin hukumatga O‘zbekiston va Qozog‘iston bilan harbiy-texnikaviy hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomalarni o‘zgartirish bo‘yicha muzokaralarni boshlashga ruxsat berdi. Kecha, 27 iyul kuni ikkita farmoyish imzolandi va huquqiy axborot rasmiy portalida e’lon qilindi. Ular Qozog‘iston bilan 2013 yil 24 dekabrdagi bitim va O‘zbekiston bilan 2016 yil 29 noyabrdagi shartnomaga tegishli. Bu haqda “The Insider” xabar berdi.

Qayd etilishicha, amaldagi shartnomalar ushbu mamlakatlarga Rossiya qurol-yarog‘ini sotishnigina emas, balki harbiy ahamiyatga ega mahsulotlarni o‘zaro yetkazib berishni ham tartibga soladi. Bunday mahsulotlar qatoriga qurol-yarog‘ va harbiy texnika, ishlar va xizmatlar, harbiy-texnik axborot, texnologiyalar, intellektual faoliyat natijalari, shuningdek, konstruktorlik, texnik, texnologik va foydalanish hujjatlari kiritilgan. Kelishuvlar qurol-yarog‘larni ta’mirlash va modernizatsiya qilish, birgalikdagi tadqiqot va ishlanmalar, qo‘shma ishlab chiqarishlarni tashkil etish va mutaxassislarni tayyorlashni nazarda tutadi.



Xar ikkala shartnoma bo‘yicha yetkazib berish vakolatli tashkilotlar o‘rtasidagi kontraktlar asosida amalga oshiriladi. Harbiy mahsulotlarni olib kirish va olib chiqish tomonlarning davlat organlari tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxatlar bo‘yicha amalga oshiriladi. Shu tariqa, shartnomalar qurol-yarog‘, butlovchi qismlar va ular bilan bog‘liq xizmatlarni nafaqat Rossiyadan Qozog‘iston va O‘zbekistonga, balki qarama-qarshi yo‘nalishda ham yetkazib berish imkonini beradi.

Nashrning yozishicha, Rossiya Ukrainaga keng miqyosli bostirib kirish boshlanganidan keyin kiritilgan cheklovlar fonida ushbu kelishuvlarni o‘zgartirishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qurol-yarog‘, harbiy tovarlar va ikki xil maqsadda foydalaniladigan mahsulotlarning keng ro‘yxatini, jumladan, elektron va optik komponentlar, dvigatellar hamda dronlar uchun detallarni eksport qilishni taqiqlagan. AQSH ham Rossiya harbiy sanoatini qo‘llab-quvvatlashi mumkin bo‘lgan texnologiyalar, dasturiy ta’minot va uskunalarni yetkazib berish hamda qayta eksport qilishga qa’tiy cheklovlar o‘rnatgan.

AQSH, Yevropa Ittifoqi, Buyuk Britaniya va Yaponiya Rossiya qurol-yarog‘ ishlab chiqarish uchun sotib olishga urinayotgan 50 ta kategoriyadagi tovarlar ro‘yxatini alohida tuzib chiqqan. Unga mikrosxemalar, radionavigatsiya apparaturasi, kondensatorlar, optik priborlar, podshipniklar, uchish apparatlarining detallari va sonli dasturiy boshqaruvga ega dastgohlar kiradi. G‘arb mamlakatlari bunday tovarlar Rossiyaga sanksiyalarga qo‘shilmagan davlatlar orqali kirib borishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropa Ittifoqining Rossiyaning Ukrainaga to‘liq bosqini boshlaganining uch yilligi munosabati bilan e’lon qilgan 16-sanksiyalar paketiga O‘zbekiston kompaniyasi kiritilgandi. O‘shanda mexanik dastgohlarning ulgurji savdosi bilan shug‘ullanuavchi Uzstanex kompaniyasi YeI sanksiyasiga uchragan edi.

Shuningdek, Yevropa Ittifoqi tomonidan Rossiyaga qarshi qabul qilingan 17-sanksiyalar paketi doirasida O‘zbekistonning Trade Engine System kompaniyasi “qora ro‘yxat”ga tushgandi. Mazkur kompaniya Rossiya harbiy-sanoat kompleksiga ko‘maklashishda gumon qilingan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing