Putin Ukrainadagi vaziyatni G‘arbning “olovga yog‘ sepish siyosati” deb atadi

Olam

image

G‘arb Ukrainadagi mojaroni kengaytirish va unga yangi davlatlarni jalb qilish uchun hamma narsani qilmoqda. Bu haqda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bugun, 15 avgust kuni bo‘lib o‘tgan Xalqaro xavfsizlik bo‘yicha XI Moskva konferensiyasi ishtirokchilari va mehmonlariga yo‘llagan videomurojaatida aytib o‘tdi. 

“Olovga moy sepish siyosati nimaga olib kelishi Ukraina misolida yaqqol ko‘rinib turibdi. Neonatsistlar tuzumiga milliardlab dollarlarni quyish, uni jihozlar, qurol-yarog‘, o‘q-dorilar bilan ta’minlash, harbiy maslahatchilar va yollanma askarlarini yuborish, mojaroni yanada kuchaytirish, unga boshqa davlatlarni jalb qilish uchun hamma narsa qilinmoqda”, deydi Rossiya rahbari.

Uning qayd etishicha, Shimoliy Atlantika alyansi harbiy va noharbiy bosim vositalaridan foydalangan holda o‘z salohiyatini oshirishda davom etmoqda. 

“NATOga a’zo davlatlar o‘zlarining hujum qobiliyatlarini oshirish va modernizatsiya qilishda davom etmoqda, harbiy qarama-qarshilikni koinot va axborot makoniga o‘tkazishga urinishlar qilmoqda, harbiy va noharbiy bosim vositalaridan foydalanmoqda. Va bularning barchasi qurollarni nazorat qilish tizimining yo‘q qilinishi fonida sodir bo‘lmoqda”, deydi Putin.

U so‘zida davom etarkan, neokolonializm (yangi mustamlakachilik) doirasida ba’zi davlatlarning xalqlarni o‘ynatish, mojarolarni qo‘zg‘atish va mamlakatlarni vassal (tobe) qilishga majburlash urinishlariga ishora qildi. 

"Dunyoning turli mintaqalarida eski nizolar avj olib, yangilari qo‘zg‘atilmoqda. Buni qilayotganlarning maqsadi aniq: insoniyat fojialaridan foyda olishni davom ettirish, yangi mustamlakachilik tizimi doirasida davlatlarni vassal itoatkorlikka majburlash, ularning resurslaridan ayovsiz foydalanish", deya ta’rifladi Rossiya Prezidenti. 

 


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing