Putin uch yil deganda Minskka kelyapti. U Lukashenkoning tanobini tortib qaytadimi?
Olam
−
19 dekabr 2022
7288Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bugun, 19 dekabr kuni bir kunlik ish safari bilan Minskka boradi va u yerda Aleksandr Lukashenko bilan muzokaralar o‘tkazadi.
Ikki davlat rahbarlari doimiy ravishda, jumladan, shaxsan va telefon orqali muloqotda bo‘lib turibdi. So‘nggi uch yil ichida ularning barcha keng ko‘lamli ikki tomonlama muzokaralari Rossiyada bo‘lib o‘tdi. Prezidentlar boshqa mamlakatlardagi sammitlar o‘tkaziladigan joylarda ham muloqot qildilar.
Putin 2019 yil iyunidan beri ilk bor Belarusga tashrif buyuradi. Rossiya davlati rahbari avvalgi tashrifi chog‘ida II Yevropa o‘yinlari doirasidagi boks va gimnastika musobaqalarida bo‘lib, Xalqaro olimpiya qo‘mitasi prezidenti Tomas Bax bilan uchrashdi, sportchilar bilan suhbatlashdi.
Uchrashuv kun tartibi
Kreml matbuot xizmati ta’kidlaganidek, kun tartibi Rossiya-Belarus strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirishning asosiy masalalarini, shuningdek, Ittifoq doirasidagi integratsion hamkorlikka e’tibor qaratish, xalqaro va Minskdagi muzokaralarda mintaqaviy kun tartibini muhokama qilishdan iborat
Rossiya yetakchisining matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aytishicha, suhbatda “ikki tomonlama munosabatlarning butun palitrasi”, jumladan, savdo-iqtisodiy hamkorlik haqida gap boradi. Minskdan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, mavzular orasida ittifoq dasturlarini amalga oshirish va import o‘rnini bosishga urg‘u berilgan qo‘shma hamkorlik loyihalari kiradi. Shuningdek, kun tartibida energetika sohasidagi hamkorlik ham bor.
Belarus rezidenti bir necha kun oldin Belarus-Rossiya hamkorligi masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Unda Lukashenko rossiyalik hamkasbi bilan muzokaralarda asosiy masala iqtisodiy masalalar bo‘lishini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, muhokamada ikki davlat atrofidagi harbiy-siyosiy vaziyat, harbiy-sanoat kompleksi, xavfsizlik, mudofaa qobiliyati masalalari ham muhokama qilinadi.
Lukashenko muzokaralar chog‘ida gaz narxi mavzusini ham ko‘tarishni rejalashtirgan. Uning fikricha, bunday chuqur hamkorlikda korxonalarga teng sharoitlarni yaratish muhim.
Minsk e’lon qilganidek, uchrashuv dasturi boy bo‘ladi. Muzokaralar keng formatdagi suhbatdan boshlanadi. Unda davlat rahbarlari, shuningdek, ikki mamlakat hukumatlari a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirok etadi. Ushbu formatda tomonlar Belarus-Rossiya integratsiyasining eng dolzarb muammolarining butun majmuasini batafsil muhokama qiladi.
Shundan so‘ng Putin va Lukashenko yakkama-yakka muzokaralarini davom ettiradi, qolaversa, ular bayonot va jurnalistlar savollariga javob berishi kutilmoqda.
Belarus tomonining xabar berishicha, yetakchilarning tor doiradagi uchrashuvida mudofaa vazirlari ishtirok etadi. Ikki hafta avval Minskka Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu ham tashrif buyurgan edi. Keyin u belaruslik hamkasbi Viktor Xrenin bilan uchrashdi va u bilan harbiy sohada mintaqaviy xavfsizlikni birgalikda ta’minlash bo‘yicha davlatlararo bitimga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi protokolni imzoladi. Shoygu Lukashenko bilan ham gaplashgan.
Eslatib o‘tamiz, Amerika urushni o‘rganish instituti tahlilchilarining fikricha, Putin Minskka bo‘lajak tashrifi chog‘ida Belarus hukmdori Aleksandr Lukashenkoga ikki davlat integratsiyasi bo‘yicha imtiyozlarga erishish uchun bosim o‘tkazish niyatida.
LiveBarchasi