Putin Trampning odamlari bilan 3 soat muzokara o‘tkazdi (video)

Olam

image

Kecha, 5 sentyabr kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin AQSH Prezidenti Donald Trampning vakillari Stiv Uitkoff va Jared Kushner bilan muzokara o‘tkazdi. Bu haqda TASS xabar berdi.

Putinning amerikalik muzokarachilar bilan uchrashuvi taxminan 3 soat davom etgan. Kreml muzokara Moskva vaqti bilan soat 19:55 da boshlanganini e’lon qilgan va u taxminan soat 23:00 da tugagan.

Uitkoff va Kushner bilan muzokaralarda Putinning yordamchisi Yuriy Ushakov hamda Prezidentning investitsiyaviy-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha maxsus vakili va Rossiya to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi rahbari Kirill Dmitriyev ishtirok etgan. 

Uitkoff Putin bilan muloqot u uchun eng esda qolarli xotiralardan biriga aylanishini aytgan. 

“Iste’foga chiqqanimizda eslashimiz mumkin bo‘lgan juda ko‘p voqealar bo‘ladi va siz bilan muloqot eng yaxshi va eng esda qolarlilaridan biri bo‘ladi”, deydi u uchrashuv davomida.

Yuriy Ushakovning aytishicha, tomonlar Ukraina urushini hal etish bo‘yicha “mazmunli va konstruktiv” suhbat o‘tkazgan.

“Rossiya tomonidan “maxsus harbiy operatsiya” o‘tkazilishi davomida yuzaga kelayotgan vaziyatga aniq va batafsil baho berildi. Xususan, jangovar harakatlar zonasida Rossiya armiyasining ilgarilashidagi real muvaffaqiyatlari qayd etildi, qo‘yilgan maqsadlarga erishishga ishonch bildirildi va, albatta, nizoning barcha tub sabablarini bartaraf etish zarurligi ta’kidlandi. Prezidentimiz amerikaliklar bilan birgalikda siyosiy-diplomatik yechimlarni izlash bo‘yicha ishlarni davom ettirish kayfiyatida ekanini tasdiqladi”, deydi Ushakov.

Moskvadan so‘ng Uitkoff va Kushner Kiyevga tashrif buyurishi kerak.

“Stiv Uitkoff va Jared Kushner ertaga Kiyevdagi aloqalar davomida shaxsan Rossiya Prezidentidan olingan Ukrainadagi nizoni mustahkam tinch yo‘l bilan hal etishga chiqishga oid kuzatuvlar va baholarni ishlatishga va’da berishdi. Amerikalik vakillar ushbu safarga jiddiy tayyorgarlik ko‘rishgan. Ular tomonidan nafaqat jangovar harakatlarni tezroq tugatishdan an’anaviy manfaatdorlik bildirildi, balki nizoni hal etishning ehtimoliy yo‘llari haqida bir qator mulohazalar ham shakllantirildi”, deydi u.

Ushakovning so‘zlariga ko‘ra, Kremldagi muzokaralarda iqtisodiy mavzular va ehtimoliy Rossiya-Amerika loyihalari ham muhokama qilingan.

“Umuman olganda, muzokaralar o‘z vaqtida o‘tkazilganini va ikkala tomon uchun ham juda foydali bo‘lganini aytish mumkin. Ikki mamlakatimiz Prezidentlari bundan buyon ham shaxsiy aloqalarni ushlab turishlari, shuningdek, Stiv Uitkoff va Jared Kushner yo‘nalishi bo‘yicha ishlar davom ettirilishi tasdiqlandi”, deydi u.

Eslatib o‘tamiz, Uitkoff va Kushner Moskvaga kecha, 5 sentyabr kuni kunduzi yetib kelgandi. Vnukovo aeroportida ularni Dmitriyev kutib oldi. Endi amerikalik muzokarachilar Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiy bilan muzokaralar o‘tkazish uchun Kiyevga jo‘nab ketishi kerak. “Bloomberg” manbalarining ma’lumotlariga ko‘ra, Kiyev muzokaralardan sezilarli ilgarilashni kutmayapti.

AQSH Prezidenti Donald Tramp avvalroq Uitkoff va Kushnerni “ajoyib muzokarachilar” deb atagan. Ular “mukammal ish qilgan” va Rossiya-Ukraina urushini yakunlash bo‘yicha taklif taqdim etishlari kerak. Trampning so‘zlariga ko‘ra, taklif yangi emas.

Putinning ko‘rsatmasiga binoan, Uitkoff va Kushnerning u yerga tashrifiga tayyorgarlik ko‘rish munosabati bilan 5 sentyabr yarim kechasidan boshlab Kiyevga zarba berish 3 kunga to‘xtatildi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ham shunga o‘xshash yo‘l tutdi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing