Putin Tojikiston va Turkmanistonga boryapti. Rejalar katta

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ikki kunlik tashrifini boshlaydi. Bugun, 28 iyun kuni u Tojikistonga keladi,  ertaga, 29 iyun kuni esa Turkmanistonga jo‘nab ketadi. Rossiya rahbari uchun bu xorijiy safari joriy yilda ikkinchisi bo‘ladi. 

Putin Dushanbega kelganidan so‘ng Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon bilan uchrashishi kutilmoqda. Suhbatning boshlanishi ommaviy axborot vositalari uchun ochiq bo‘ladi. Keyinchalik, yetakchilar norasmiy sharoitda, galstuksiz o‘tkaziladigan ishchi tushlik davomida muloqotni davom ettiradi. 

Taxminlarga ko‘ra, Prezidentlar muhokama qiladigan mavzular talaygina, shu bois u tushlikdan keyin ham davom etadi. Rossiya davlati rahbarining yordamchisi Yuriy Ushakovning jurnalistlarga aytishicha, Putin va Rahmon o‘rtasidagi muloqot kechgacha davom etishi mumkin. 

Chegaralarni muhofaza qilish va hamkorlikni rivojlantirish

Muzokaralar kun tartibida ham ikki tomonlama, ham xalqaro mavzular bor. Xususan, savdo-iqtisodiy, harbiy-texnikaviy, madaniy-gumanitar, migratsiya va boshqa sohalardagi hamkorlikni muhokama qilish rejalashtirilgan. 

Uchrashuvda Afg‘onistondagi vaziyatga alohida e’tibor qaratilishi ko‘zda tutilgan. Tashrifga ilova qilingan materiallarda qayd etilganidek, ushbu mamlakatdagi murakkab vaziyatni inobatga olgan holda, rahbarlar “Tojikiston chegara xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar”, Afg‘oniston hududidan radikallar oqimining oldini olish, shuningdek, mudofaa qurilishi bo‘yicha dolzarb masalalarni muhokama qiladilar.  

Prezidentlar mintaqaviy kun tartibidagi boshqa dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashishi kutilmoqda. Moskva va Dushanbe BMT, MDH, Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti (ODKB) va Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (SHHT) kabi xalqaro birlashmalarda yaqindan hamkorlik qiladi. 

Bundan tashqari, Ushakov xabar qilganidek, Putin va Rahmon bu yil Rossiya va Tojikiston diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligini nishonlashini hisobga olgan holda strategik sheriklik va ittifoqchilikni yanada rivojlantirish bo‘yicha yo‘riqnomalarni muhokama qiladi. 

Eng yuqori darajada

Dushanbedagi muzokaralar yetakchilarning joriy yildagi ikkinchi yuzma-yuz uchrashuvi bo‘ladi. Avvalgisi 16 may kuni KXSHTning Moskvadagi yubiley sammiti arafasida bo‘lib o‘tdi. Keyin Putin va Rahmon ikki tomonlama mavzularni hamda mintaqadagi, jumladan, xavfsizlik sohasidagi vaziyatni ham muhokama qildi. 

Putin so‘nggi uch yil ichida ilk bor Tojikistonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kelmoqda. Oxirgi bor u bu davlatga 2019 yilda tashrif buyurgan, o‘shanda u yerda Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash sammiti bo‘lib o‘tgan edi. 

Strategik hamkorlik

Rossiya Tojikistonning yetakchi savdo-iqtisodiy hamkorlaridan biri bo‘lib, respublika tashqi savdosining 21,3 foizini tashkil etadi. Ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi o‘sib bormoqda: o‘tgan yili qariyb 45 foizga oshib, 1,2 milliard dollarni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilning yanvar-mart oylarida yana 27 foizga oshdi. 

Tojikistonda Rossiya ishtirokidagi 300 dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda. Rossiyaning ushbu mamlakat iqtisodiyotiga to‘plangan investitsiyalarining umumiy hajmi 1,6 milliard dollarni yoki barcha xorijiy investitsiyalarning 16 foizini tashkil qiladi. 

Moskva va Dushanbe gumanitar aloqalarni kengaytirish, ta’lim, fan va madaniyat muassasalari o‘rtasidagi bevosita aloqalarni kengaytirish,  yuqori malakali kadrlar tayyorlash uchun shart-sharoit yaratishga alohida e’tibor qaratmoqda. Rossiya universitetlarida 22 mingdan ortiq tojikistonlik talabalar va aspirantlar tahsil oladi. Kelgusi o‘quv yilida respublika fuqarolari uchun bepul ta’lim olish kvotasi 750 o‘rinni tashkil etadi, bu MDH davlatlari orasida eng yuqori ko‘rsatkichlardan biridir. Tojikistonda Rossiyaning yetakchi oliy o‘quv yurtlarining filiallari ochildi, ta’lim rus tilida olib boriladigan maktablar qurilmoqda. 

Moskva va Dushanbe harbiy sohada, jumladan, harbiy-texnik yordam ko‘rsatish borasida ham aloqalarni rivojlantirmoqda. Tojikiston Qurolli Kuchlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha 2042 yilgacha hisoblangan ikki tomonlama dastur amalga oshirilmoqda, qo‘shma mashg‘ulotlar muntazam o‘tkazilmoqda, shaxsiy tarkib tayyorlanmoqda. 

29 iyundagi rejalar

Putin ertaga, 29 iyun kuni ertalabgacha Dushanbeda qoladi, shundan so‘ng Ashxobodga uchadi. U yerda davlat rahbari Ozarbayjon, Eron, Qozog‘iston va Turkmaniston rahbarlari ishtirokida bo‘lib o‘tadigan Kaspiy sammitida nutq so‘zlaydi. Ushbu tadbir oldidan Rossiya rahbari Turkmaniston Arezidenti Serdar Berdimuhamedov va parlament yuqori palatasi spikeri Gurbanguli Berdimuhamedov bilan uchrashadi, “beshlik” formatidagi uchrashuvdan so‘ng esa Ozarbayjon va Eron rahbarlari Ilhom Aliyev va Ibrohim Raisi bilan alohida gaplashadi.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin

Baholaganlar

494

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing