Putin tez orada Shimoliy Koreya va Vetnamga boradi
Olam
−
10 iyun
8399Rossiya Prezidenti Vladimir Putin kelasi haftalarda Shimoliy Koreya va Vetnamga ketma-ket tashrif buyuradi. Bu haqda diplomatik manbaga tayanib, “Vedomosti” xabar berdi.
Nashr suhbatdoshining aytishicha, Prezidentning Vetnamga tashrifi iyun oyida va, ehtimol, KXDRga tashrifidan so‘ng darhol amalga oshishi mumkin. Rossiyaning Shimoliy Koreyadagi elchisi Aleksandr Matsegora Rossiya Prezidentining Pxenyanga tashrifi bo‘lib o‘tishini tasdiqladi va u hozir “faol tayyorgarlik ko‘rmoqda”.
26 mart kuni "Vyetnamnet" internet gazetasi Vetnam hukmron Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi bosh kotibi Nguyen Pxu Trong Putin bilan telefon orqali suhbatda uni Vetnamga rasmiy tashrif bilan taklif qilgani va shu paytgacha u taklifni qabul qilganini yozgan edi. 30 may kuni Rossiya Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Andrey Rudenko Putinning Shimoliy Koreya va Vetnamga tashrifiga tayyorgarlik ilg‘or bosqichda ekanini aytdi.
6 iyun kuni Rossiya Prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov jurnalist Pavel Zarubinga bergan intervyusida Putin 3-4 iyul kunlari Ostona shahrida bo‘lib o‘tadigan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida ishtirok etishini va boshqa tashriflar haqida gapirishga hali erta ekanligini aytdi.
Ma’lumot uchun, Putin Shimoliy Koreyaga avval bir marta tashrif buyurgan – bu uning birinchi muddatining boshida, 2000 yilning 19-20 iyul kunlari bo‘lgan, o‘shanda u KXDRning avvalgi rahbari Kim Chen Ir bilan uchrashgan. Shimoliy Koreyaning amaldagi rahbari Kim Chen In oxirgi marta 2023 yilning 12-17 sentyabr kunlari rasmiy tashrif bilan Rossiyaga tashrif buyurgan, u Putin bilan “Vostochniy” kosmodromida uchrashgan.
Putin prezidentlik davrida Vetnamga to‘rt marta tashrif buyurdi, oxirgi marta 2017 yilning noyabrida APEC sammitiga ishchi tashrif bilan bo‘lgan. U yerda AQSHning o‘sha paytdagi prezidenti Donald Tramp bilan uchrashdi, shuningdek, Yaponiyaning o‘sha paytdagi bosh vaziri Sindzo Abe va Xitoy rahbari Si Szinpin bilan ham muzokaralar o‘tkazdi. Putinning Vetnamga so‘nggi rasmiy tashrifi 2013 yilning noyabrida bo‘lgan edi.
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovning so‘zlariga ko‘ra, Putinning xorijiy tashriflari Kremlda xorijiy hamkorlar bilan kelishilganidan keyin e’lon qilinadi.
“Vaqti kelsa, tegishli xabarlarni beramiz”, deydi Prezident matbuot kotibi.
Eslatib o‘tamiz, Putin qayta saylanganidan keyin birinchi xorijiy tashrifini Xitoyga, undan so‘ng esa Belarus va O‘zbekistonga qilgan edi.