Putin Shoyguning o‘rinbosarini ishdan oldi
Olam
−
24 Sentabr 2022 13223 2 daqiqa
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Mudofaa vazirining o‘rinbosari general-polkovnik Dmitriy Bulgakovni ishdan oldi. Bu haqda Mudofaa vazirligi xabar berdi.
Armiya generali unvoniga ega Bulgakov boshqa ishga o‘tgani munosabati bilan lavozimidan ozod qilingan. Ammo u qayerda ish boshlashi hozircha noma’lum. U 2010 yilda Mudofaa vazirining moddiy-texnik ta’minot bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlangandi.
Qayd etish kerakki, bu Ukrainaga qarshi urush boshlangandan Rossiya mudofaa tizimidagi ikkinchi katta o‘zgarish bo‘ldi. Bundan oldin Qora dengiz floti qo‘mondoni admiral Igor Osipovni almashtirilgandi. Uning o‘rniga vitse-admiral Viktor Sokolov tayinlangandi.
Bulagkovning o‘rnini Rossiya Federatsiyasi Mudofaa nazorati milliy markazi rahbari, general-polkovnik Mixail Mizinsev egalladi.
“General-polkovnik Mixail Mizinsev Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirining Rossiya Federatsiyasi Qurolli Kuchlarining moddiy-texnik ta’minoti uchun mas’ul bo‘lgan o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Bungacha general-polkovnik M.Mizinsev Rossiya Federatsiyasi Mudofaa nazorati milliy markazi rahbari lavozimida ishlagan”, deyiladi xabarda.
Mixail Mizinsev 1962 yilda tug‘ilgan. 1980 yilda Kalinin Suvorov harbiy bilim yurtini tamomlagan, 1980-1984 yillarda Kiyev oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik bilim yurtining kursanti bo‘lgan. Shundan so‘ng u turli qo‘shinlar guruhlari va harbiy okruglarda, RF Qurolli Kuchlari Bosh shtabida, Shimoliy Kavkaz va Moskva harbiy okruglari shtablarida lavozimlarni egallagan va Bosh shtab Harbiy akademiyasining talabasi bo‘lgan. Mizinsev 2014 yil dekabrida Rossiya Federatsiyasi Milliy mudofaa nazorati markazi rahbari etib tayinlangan edi.
Live
Barchasi